NAVRO`ZI OLAMDIR BU KUN

Shuning uchun ham bahorni bolalikka, beg`ubor bolalikni esa bahorga qiyoslasalar kerak-da.

Olamni ana shunday poklik-musaffolik, beg`uborlikka burkab yurtimizga yana bahor keldi. Bahorni jonu dildan sevishimizning yana bir boisi uning ajoyib bayramlari.

Dunyoda tengi yo`q, mehribon onajonlarimiz bayramiga hamohang Navro`z tashrifi chor-atrofni fayzga to`ldirib yuboradi.

Bugun yurtimiz ana shunday fayziyoblik og`ushida.

Chunki bugun Navro`z. Biz uni uyimizda, ko`chamizda, mahallamizda, ilm maskanimizda bayram qilamiz.

Ana shunday sehru tarovati bilan qalbimizga surur baxsh etgan ko`klam shodiyonalari bizni yanada maftun etaveradi. Chor-atrofni obod etish, bayramni zo`r taraddud bilan kutib olish ishlariga beixtiyor kirishib ketganimizni sezmay ham qolamiz.

Ilm maskanimizda bu galgi ko`klamni ham ana shunday zavqu shavq bilan qarshi oldik.

Darvoqe, men tahsil olayotgan ilm maskani Namangan shahrida joylashgan 1-sonli davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatidir. O`z nomi bilan bu dargohda iqtidorli bolalar saboq olishadi. Ustoz-muallimlarimiz ham bizlarni ozod yurtimiz ertasiga munosib ilm-ma'rifat egalari sifatida kamol toptirishga astoydil bel bog`laganlar.

Biz ularning saboqlarini zo`r qiziqish va qunt bilan o`rganamiz, har jabhada o`rnak olishga intilamiz: ilmda ham, mehnatda ham, tashabbuskorlik va muvaffaqiyatlar sari intilishda ham.

Shuning uchun ilm maskanimizda Navro`z shodiyonalariga munosib hozirlik ko`rildi. 14 - 15-mart kunlari o`tkazilgan umum-xalq xayriya hasharidan maktabimiz yanada o`zgacha ko`rku chiroy ochib, go`zallikka burkandi. Daraxtlarga shakl berish, oqlash, tozalov, ko`kalamzorlashtirish ishlari keng miqyos kasb etdi.

Ayniqsa, "Mustaqillikning 24 yilligiga 24 tup ko`chat mening tuhfam" shiori ostida mevali, manzarali ko`chatlar ekilganidan, 2500 dan ortiq qalamchalar ekilganidan ilm dargohimiz bog`-rog`ga aylanib ketdi.

Ana shunday fusunkorlik og`ushida Navro`zi olamni katta tantana qildik. Maktab-internatimiz direktori Odiljon Husanov barcha-barchani ustoz-muallimlaru o`quvchilarni Navro`z bilan tabriklab, doimo shunday bahoriy kayfiyat, yaratuvchanlik hamroh bo`lishiga tilak bildirdilar.

Biz yoshlar yurtimizdagi qulaylik va g`amxo`rliklardan ilhom olib, muvaffaqiyat cho`qqilarini zabt etish yo`lida dadil odimlashimizni ta'kidladilar. Intilishlar besamar ketmasligining hayotiy ifodasi sifatida Muay-tay bo`yicha Navro`z bayramiga bag`ishlab o`tkazilgan viloyat chempionatida faxrli 1-o`rinni olgan 9-"A" sinf o`quvchisi Bobur Abdujabborov butun maktab jamoasi ishtirokida yana bir bor muborakbod etilib, diplom va medal topshirilgani ayyom shukuhiga yanada shukuh bag`ishladi.

Tantanada barcha sinflar o`z chiqishlarini namoyish etishdi. Bahor, go`zallik, nafosat, Navro`z, ona yurt madhidagi she'rlar qo`shiqlarga, qo`shiqlar raqslarga ulandi. Devoriy gazetalar, badiiy chiqishlar ustozlarimizdan iborat hakamlar tomonidan munosib baholandi.

Navro`z shodiyonalari ana shu tarzda bellashuvlar, zukkolik bahsi, iqtidor va iste'dod namoyishi bilan ilm maskanimizda keng nishonlangan bo`lsa, bugun butun yurtimizni o`z og`ushiga olgan Yangi kun tantanalaridan bahramandmiz.

Zotan, Navro`zi olamdir bu kun!

Muslim OLIMJONOV, Namangan shahridagi 1-DIMIning  9-sinf o`quvchisi