ZAFARLAR SARI PARVOZ

 San`at - yuksak ma`naviyat asosi

 

Unda bolalar musiqa va san'at maktabi o'quvchilari ishtirok etdilar. Mazkur tanlovning viloyat bosqichi joriy yilning 15 - 25-fevral kunlari respublikamizning barcha hududlarida bo'lib o'tgandi. Unda 5606 nafar iqtidorli ishtirokchilar qatnashdilar. 6 yoshdan 14 yoshgacha bo'lgan yosh ovoz sohiblari xonandalik yo'nalishi bo'yicha ijodiy jamoa yoki yakkaxon holda keng jamoa oldida jonli ijroda Zulfiya qalamiga mansub she'rlardan foydalanib yaratilgan qo'shiqlarini hakamlar hay'atiga taqdim etishdi.

Respublika tanlovining yakuniy bosqichiga jami 150 nafardan ziyod ishtirokchilar qatnashish huquqini qo'lga kiritdilar. Ular orasida viloyatimizning Chortoq hamda Pop tumanlaridagi Bolalar musiqa va san'at maktabi o'quvchilarining faol ishtiroki, ayniqsa, quvonarli bo'ldi.  Pop tumanidagi  7-sonli  Bolalar musiqa va san'at maktabi o'quvchilari erishayotgan yutuqlar haqida to'xtaladigan bo`lsak, tanlovda mazkur maktabning "Shodiyona" jamoasi 1-darajali diplom bilan taqdirlanganligi ushbu maskan hayotidagi unutilmas voqealardan bo'ldi. Ushbu jamoa sakkiz nafar qizdan iborat bo'lib,  2014-yildan buyon Farida Shabnam-xo'jayeva rahbarligida faoliyat ko'rsatib kelmoqda. Tanlovda jamoa tomonidan Zulfiyaxonimning "Bahor senga zorman" nomli she'ri Zulhumor Abdusamatova bastakorligida ijro etildi.

Chortoq tumanidagi 14-sonli Bolalar musiqa va san'at maktabining 2-sinf o'quvchisi Hayitoy Qayumova esa tanlovning tom ma'nodagi mutlaq g'olibasi bo'ldi. Tanlov taassurotlari xususida maktab direktori Adibaxon Asraqulova  faxr bilan bu yutuqgacha bo'lgan jarayonni so'zlab berdilar. Tanlovga Zulfiyaxonimning "Lobar qizlar" nomli she'rini tanladik. Albatta uni qo'shiq holiga keltirish oson bo'lmadi. Bir qadar murakkabliklarni yengib o'tishga to'g'ri keldi. Unga hamma tengdoshlari ekanini va ayni paytda g'alaba faqat va faqat kulib boqishini, buning uchun astoydil intilish kerakligini tushuntirdim. Shundan keyin qizalog'imning ko'zlarida hotirjamlik va o'ziga ishonchni ko'rdim. Bu ishonch Hayitoyning "Eng yaxshi qo'shiq" yo'nalishida 3-darajali diplom hamda "Eng yaxshi sahna madaniyati" yo'nalishida nominatsiya g'olibi bo'lishida ijobiy samara berdi.

Mazkur maktabda fortepiano, milliy cholg'uchilik, torli cholg'ular, damli cholg'ular, an'anaviy xonandalik, an'anaviy cholg'ular, estrada xonandasi, raqs (xoreografiya), tasviriy san'at hamda teatr singari yo'nalishlar bo'yicha iqtidorlar kamol topmoqda. Ularga kelajakda yuksak parvozlar yor bo`lishini tilaymiz.

 

                               Maftuna Rejabboyeva