ALISHER NAVOIY NOMIDAGI O‘ZBEK TILI VA ADABIYOTI UNIVERSITETI

Bugungi shiddatkor davr ruhi va tezkor taraqqiyot zamoniga hamohang Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan olamshumul o‘zgarishlar va ulkan yangilanishlar ta’lim sohasidagi islohotlarga ham keng eshik ochdi.
Xususan, joriy o‘quv yilidan maktab ta’limi 11 yillik tarzda o‘zgartirilgani yosh avlod kamolini ko‘zlab tashlangan eng katta qadamlardan biri bo‘ldi.
Endilikda o‘g‘il-qizlarimiz katta hayot sari shahdam odimlar ekan, jamiyatda munosib o‘rin topish uchun akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini tanlash barobarida, 11-sinfgacha umumta’lim maktablarida mukammal tahsil olib, oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishlari mumkin.
Qat’iy maqsadlar bilan mukammal bilim egallayotgan yoshlarimizni “Kim bo‘lsam ekan?”, “Kelajagimni qaysi sohada ko‘ra olaman?”, “Men tanlagan kasbni qaysi dargohda egallash mumkin?” kabi savollar javobi qiziqtirishi, tabiiy.
“Bolalar dunyosi” gazetasi galdagi tashabbuslardan biri sifatida “Sizni kutayotgan muazzam dargohlar” ruknida mamlakatimizdagi universitet va institutlar - oliy o‘quv yurtlari bilan yaqindan tanishtirib borishga ahd qildi.
Tanishing, dastlab, Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti haqida so‘z yuritamiz.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 13-maydagi farmoniga asosan tashkil etilgan.
Mazkur dargohni tashkil etishdan maqsad hozirgi tez o‘zgarayotgan globallashuv davrida o‘zbek tili va adabiyotining o‘ziga xos betakror xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, uning bugungi holati va istiqboli bilan bog‘liq masalalarni chuqur o‘rganish, bu borada olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari samaradorligini kuchaytirish, ta’lim-tarbiya tizimining barcha bo‘g‘inlarida o‘zbek tili va adabiyoti fanini o‘qitishning sifatini tubdan oshirish, mazkur soha bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan.
Tabiiyki, har qanday soha istiqboli yuqori malakali, yuksak intellektual salohiyatli kadrlarga bog‘liq.
Ana shunday ezgu maqsadda tashkil etilgan universitetda qanday fakultetlar mavjud? Ushbu dargohni tanlagan yoshlar qaysi yo‘nalishlar bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lib chiqadilar?
O‘quv ishlari bo‘yicha universitet prorektori In’omjon Azimovning ta’kidlashicha, bu yerda 3 ta fakultet mavjud bo‘lib, bular:
1) O‘zbek filologiyasi fakulteti;
2) O‘zbek tili va adabiyoti fakulteti;
3) O‘zbek - ingliz tarjima fakultetidir.
Mazkur fakultetlarning har biriga alohida to‘xtalib o‘tamiz.
O‘zbek filologiyasi fakulteti filologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili) ta’lim yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlaydi. Ushbu mutaxassislar o‘zbek tili va adabiyoti, folklorining tarixan shakllangan adabiy, lingvistik maktablari va ta’limotlarini, mumtoz va zamonaviy metodlarini, buyuk ajdodlarimizning o‘zbek va jahon tilshunosligi rivojiga qo‘shgan hissasi, ularning ilmiy merosi, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzi, uning boshqa tillar bilan aloqalari, o‘zbek tili va adabiyotining rivojlanish istiqbollari bilan bog‘liq ilmiy muammolarni tatqiq etish, imlo qoidalari, lug‘at va qomuslar, risola va darsliklar yaratish borasida ish olib boradilar.
O‘zbek tili va adabiyoti fakulteti yo‘nalishida tayyorlanadigan mutaxassislar o‘zbek tili va ada­biyotini, uning o‘ziga xos xususiyatlari, ilmiy-nazariy, falsafiy-estetik asoslarini, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini chuqur o‘zlashtirgan, davr talablariga javob beradigan yuksak malakali ilmiy va pedagogik kadrlar tayyorlash, talaba yoshlarni o‘zbek tili va adabiyotining boy imkoniyatlaridan foydalangan holda Vatanga muhabbat va sadoqat, umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida keng dunyoqarashga ega bo‘lgan va mustaqil fikrlaydigan, ma’naviy yetuk insonlar etib tarbiyalash, umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb hunar kollejlari, oliy ta’lim muassasalarida saboq beradilar, yangi va samarali metodlar bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib boradilar.
O‘zbek - ingliz tarjima fakultetida ham tarjima nazariyasi va amaliyoti bo‘yicha yetuk mutaxassislar tayyorlanadi. Demakki, ushbu yo‘nalishdagi mutaxassislar nafaqat o‘zlari ilmiy, badiiy va boshqa sohalardagi adabiyotlarni o‘zbek tilidan ingliz va boshqa xorijiy tillarga, shuningdek, jahon tillaridan ona tilimizga yuksak sifat va mahorat bilan tarjima qiladilar, balki shunday faoliyatni samarali amalga oshira oladigan tarjimonlar tayyorlaydilar.
Bir so‘z bilan aytganda, qamrov keng, faoliyat yo‘nalishi beqiyos. Zotan, bugungi yuksak taraqqiyot va dunyoviy integratsiyalashuv jarayonlarida o‘z ona tiling va jahon tillarini bilish dunyoni zabt etish uchun eng katta imkoniyatdir.
- Til va adabiyot ilmi, shak-shubhasiz, yuksak ma’naviyat va qadriyatlar bilan uyg‘un, - deydi ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha universitet prorektori Abdulxay Sobirov. - Shuning uchun ham biz ta’lim jarayonlarini ma’naviy-ma’rifiy ishlar bilan chambarchas bog‘liq holda olib boryapmiz. Bejiz ilm dargohimizga buyuk mutafakkir bobomiz, o‘zbek tili va adabiyoti asoschisi mir Alisher Navoiy hazratlari nomi berilmagan. Shunday ekan, kelajagimiz egalarini buyuk ajdodlarga munosib kamol toptirishdek ulkan mas’uliyatni har lahza his etib turamiz. Talabalarimizning intilishlari va qo‘lga kiritayotgan muvaffaqiyatlari ham shunga monand.
- Til va adabiyot ilmini mukammal egallab, yetuk mutaxassis sifatida kelajak avlod kamoliga munosib hissa qo‘shish katta orzuim, - deydi o‘zbek tili va adabiyoti fakulteti 2-kurs talabasi Mohigul Raimqulova. - Ijod va ilm-ma’rifat yo‘lidagi astoydil intilishlarim Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga loyiq ko‘rilgani esa zimmamdagi mas’uliyat zalvorini yanada oshiradi. Axir bunga munosib bo‘lishning o‘zi bo‘lmaydi. Qolaversa, talabalar orasida Navoiy nomidagi, Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sohiblari, yana ko‘plab boshqa yo‘nalishlarda muvaffaqiyat qozonganlar borki, ilm dargohimiz nomiga hamohang buyuk Navoiyning “Oson ermas, bu maydon ichra turmoq...” degan satrlari qalbimizda aks-sado berib, taraqqiyot sari, kelajak sari dadil odimlab borayotgan yurtga munosib kamol topishga undaydi.
Bir so‘z bilan aytganda, Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti buyuk mutafakkirlarga munosib avlodni ulg‘aytirishdek ulug‘ ishga bel bog‘lagan.


Isroil YUSUPOV