YANGI KUN SURURI

 

 Oila - mahalla - maktab hamkorligi

 

Uyg`onguvchi bog`larni kezdim,

Topay dedim qirdan izingni.

 Yonog`ingdan rang olgan dedim -

 Lolazorga burdim yuzimni,

Uchratmadim ammo o`zingni,

- Sen bahorni sog`inmadingmi?

 Uyg`onguvchi bog`larni kezdim,

Topay dedim qirdan izingni.

 Yonog`ingdan rang olgan dedim -

 Lolazorga burdim yuzimni,

Uchratmadim ammo o`zingni,

 - Sen bahorni sog`inmadingmi?

  Nurobod dahasidagi 53-umumta'lim maktabiga yo`l olar ekanmiz, beixtiyor shoirning ana shu satrlari yodimizga tushdi. Darhaqiqat, xalqimiz doimo bahorga intiq, bahorni sog`inib yashaydi. Negaki, bahor - fasllar kelinchagi, yasharish, uyg`onish fasli. Bog`-rog`lar ham, qir-adirlar, tog`u toshlar ham, qushlar tengu to`shlar ham uyg`onadi. Dehqonu bog`bon ham yaxshi niyat bilan harakatga tushadi.

Gulga burkangan bodom va olchalarga mahliyo bo`lib, maktabga kirib borganimizni ham sezmay qolibmiz. Hamma yoq toza, sarishta, o`quvchilardan tortib ustozlargacha samimiy, chehralar gulgun.

Maktabda ushbu kun anchagina tadbir rejalashtirilgan ekan. O`qish, matematika, tabiat, ona tili, ingliz, rus va nemis tili fanlaridan va ma'naviyat soatlaridan ochiq darslar, kitob taqdimoti hamda "Keksalarni e'zozlash yili" va "Oila - mahalla - maktab hamkorligi" doirasida "Sog`lom farzand kerak hayotga" deb nomlangan ma'naviy, adabiy-musiqiy kecha shular jumlasidan.

Biz o`nga yaqin ustozlar, uslubchilar hamda xalq ta`limi vakillari bilan 2-"A" sinfda - matematika, 4-"A" sinfda o`qish va 3-"A" sinfda tabiat fanlari bo`yicha ochiq darslarni kuzatishga muyassar bo`ldik.

Matematika muallimasi Farida Boltaboyeva darsni "Bilimlar qasriga sayohat" deb nomlabdi hamda bolalarni fikran "Zanjir o`yini" orqali "O`rmon sayohati"ga chorladi. Bu yo`lda o`quvchilarga birin-ketin sher, tipratikan, yo`lbars, fil, maymun, bo`ri "uchraydi" va har birida mavzuga mos misol va masalalar bo`ladi. Bularni sinf ahli ko`rgazmali qurollar asosida, karra jadvali va boshqa sodda amallardan foydalangan holda yechib bordilar va "sayohat"ga yakun yasashdi.

... O`qish darsida suhbat keksalar haqida boshlandi. "Keksalar, haqida gap ketganda qanday tuyg`ularni va kimlarni ko`z oldingizga keltirasiz?" degan savolga o`quvchilar, qushlarday chug`urlashib, birin-sirin: "Hurmat, nasihat, duo olish, nuroniy, mehribon, momolar, piru badavlat, oqsoqol, bobolar" kabi sifatlarni aytib ketishdi. Muallima esa bularni sinf taxtasiga yozib bordi.

Dars so`nggida "Bahorda nima ishlar qilinadi va qilinmaydi?" degan savol tashlandi. O`quvchilar bunga javoban: "Yaxshi niyatlar, tilaklar qilinadi", "Sumalak, holvaytar pishiriladi", "Bemorlardan xabar olinadi", "Hovli va ko`chalar tozalanadi", "Ko`chat ekiladi", "Navro`z sayli o`tkaziladi" kabi fikrlarni aytishdi.

Bu Navro`zi olamning ilhombaxsh sururi ustoz-muallimlar qalbida o`zgacha ishtiyoq uyg`otib, yanada ijodkorlikka ruhlantirganining amaliy ifodasi edi.

Barchamizni ijodiy parvozlarga undab, yurtimiz bo`ylab bahor sururi, Navro`z nashidasi qanot yozmoqda...

 

 

 

 

Muhammad MIRZO