INGLIZ TILI BILIMDONLARI

Umumta’lim maktabi o‘quvchi-yosh­larining chet tillari, xususan, ingliz tilidagi yuksak intellektual va ma’naviy salohiyatini oshirish, dunyo miqyosida o‘z tengdoshlariga har jabhada sog‘lom raqobatdosh bo‘la olishini ta’minlash hamda komil insonlar bo‘lib voyaga yetishi uchun davlatimizning bor kuch va imkoniyatlari safarbar etilmoqda. Binobarin, joriy yilning 1-aprelidan barcha shahar tumanlarda o‘z faoliyatini boshlagan “Smart English language learners” klubi ingliz tiliga qiziquvchi o‘g‘il-qizlarni bir maqsad yo‘lida birlashtirdi. Mazkur klublarda o‘quv yili yakuniga qadar trenerlar tomonidan maxsus chuqurlashtirilgan darslar hamda innovatsion mashg‘ulotlar olib borildi. Namangan shahridagi 66-IDUMning ingliz tili fani o‘qituvchisi Mirzohid Qoriyev g‘oyasi asosida tashkil etilgan klubda jami 259 nafar ingliz tili bilimdonlari jamlanib, ularga 23 nafar malakali ingliz tili o‘qituvchilari trenerlik qildilar.
2017 – 2018-o‘quv yili yakuni sifatida klub a’zolari ishtirokida festival-tadbir tashkil etildi. Unda guruh a’zolari “2025-yilda ingliz tili darsi”, “2025-yilda o‘zbekistonliklar Londonda” hamda “2025-yilda O‘zbekistonda turizm” mavzularida teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlarini namoyish etdilar. Quvonarlisi shundaki, tadbir davomida homiy tashkilotlar tomonidan “Kitob lotoreyasi” o‘yini o‘tkazilib, o‘quvchilarga bir-biridan qiziqarli o‘zbek va jahon adabiyotining sara asarlari taqdim etildi. “SELL” klubining barcha a’zolari va trenerlariga maxsus sertifikatlar topshirildi.

O‘z muxbirimiz