Quvnoq va sermazmun tadbirlar

"Yoz konsepsiyasi" ijrosi yuzasidan Norin tumanidagi 3-umumta’lim maktabi o‘quvchilari turli ko‘ngilochar va qiziqarli tadbirlar ishtirokchilariga aylanishmoqda. 1 - 6-sinf o‘quvchilari hamda yuqori sinflar vakillari uchun alohida dasturlar ishlab chiqilgan bo‘lib, ularning asosiy qismini mavzuli sayohatlar tashkil etmoqda. Xususan, yaqinda o‘quvchilar tuman yong‘in xavfsizligi bo‘limi faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bu yerda mutaxassislar “tilsiz yov”ning oldini olish, uni bartaraf etish usullari va vositalari bilan yoshlarni batafsil tanishtirdilar. O‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish barobarida o‘t o‘chiruvchi kasbiga bo‘lgan qiziqishlari yanada oshdi.
Tadbir jarayonida aniq fanlardan nazariy bilimlarni o‘zlashtirishda qo‘llangan amaliy mashg‘ulotlarni takrorlash, turli laboratoriya sinovlarini o‘tkazish kabi mashg‘ulotlar ham tashkil etildiki, bu o‘g‘il-qizlarning e’tiborini tortmoqda. Kitobxonlik madaniyatini oshirish borasidagi izlanishlar samarasi esa adabiyot yo‘nalishidagi tanlovlarda aks etmoqda. “Kitobim - oftobim”, “Kamalak bilimdoni”, “Ifodali o‘qish” kabi tanlovlarda o‘quvchilar guruhlarga bo‘lingan holda o‘z bilim va salohiyatlarini namoyon etmoqdalar.
Shuningdek, o‘tkazilayotgan tadbirlar qatoridan sport musobaqalari, chempionlar bilan uchrashuvlar ham keng o‘rin olgan. Norin tumanidan yetishib chiqqan mamlakatimiz chempionlari, terma jamoalar a’zolari bilan uchrashuvlar o‘quvchilarni sog‘lom turmush tarzi tamoyillariga qat’iy amal qilib, yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanishga chorlamoqda. Bir so‘z bilan aytganda, yozgi ta’til norinlik o‘quvchilar uchun mazmunli onlarni tortiq etmoqda. “Yoz konsepsiyasi” ijrosi bilan oromgohlarga qamrab olinmagan bolalar ham o‘z bilimlarini mustahkamlab dunyoqarashlarini kengaytirmoqdalar. Bu esa ularning yangi o‘quv yiliga tayyorgarligini oshirish barobarida cheksiz taassurot­larni ulashyapti.

Nafosat MUHITDINOVA,
Norin tumanidagi 3-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi