YOSH CHARM QO‘LQOP USTALARI BELLASHDILAR

Mamlakatimiz mustaqilligining 27 yilligi sharafiga ko‘plab tadbirlar, sport muso­baqalari tashkil etilmoqda. Norin tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabida o‘tkazilgan 2006 - 2007- hamda 2008 - 2009-yillarda tug‘ilgan o‘smir o‘g‘il-qizlar o‘rtasidagi respublika turniri ham eng ulug‘, eng aziz bayramga bag‘ishlandi. Unda viloyati­miz o‘quvchilari bilan bir qatorda Andijon va Farg‘ona viloyatlaridan kelgan yosh charm qo‘lqop ustalari ham ishtirok etdilar. 300 nafardan ziyod o‘g‘il-qizlar ringda bor maho­ratlarini ishga solib, g‘oliblik uchun kurash olib borishdi.
Musobaqa davomida Norin, Chust, Uchqo‘rg‘on tumani sportchilari yetakchilar qatorida bo‘ldilar. Jami 20 ta vazn toifasida o‘tkazilgan bellashuvlar O‘zbekiston chempionati va kubogi bahslariga saralash vazifasini ham o‘tadi. Ahamiyatlisi, bu kabi turnirlar viloyat terma jamoasiga jalb qilina­digan nomzodlarni aniqlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Natijalarga ko‘ra 24 kilogramm vazn toifasida Norin tumanidagi 26-umumta’lim maktabining 4-sinf o‘quvchisi Husanboy Mirzayev shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Uning sinfdoshi Boburjon Abdurashidov esa 28 kilogramm vazn toifasida chempionlikni qo‘lga kiritdi. Mazkur ilm dargohining yana bir vakili, 8-sinf o‘quvchisi Madina Imomova qizlar o‘rtasidagi bahslarning 50 kilogramm tasnifida barcha raqiblarini yengib, chempionlik unvoniga sazovor bo‘ldi. Umuman, mazkur musobaqada Norin tumani boks maktabi tarbiyalanuvchilari muvaffaqiyatga erishib, o‘quvchilar o‘rtasida mazkur sport turi keng ommalashayotganini amalda isbotladilar. 26-umumta’lim maktabi­ning 6-sinf o‘quvchisi Munira Odiljonova ham mazkur turnirda g‘alabaga erishib, 28 kilogramm vaznda chempion bo‘ldi.
Ko‘rinib turibdiki, norinlik o‘quvchilar mazkur respublika turnirida viloyat terma jamoasi muvaffaqiyatiga salmoqli hissa qo‘shdilar. Natijada bokschilarimiz turnirning yakuniy jadvalida yetakchilikni qo‘lga kiritdilar. Bu esa istiqlol ayyomiga munosib tuhfa, qolaversa, yangi o‘quv yilini yanada ko‘tarinki kayfiyatda boshlash uchun yana bir omilga aylandi.

Elyor ABDULVOHIDOV