“MUSTAQILLIK DARSLARI”DA OZOD YURT ODIMLARI

Istiqlol bayrami tantanalariga hamohang mamlakatimizdagi barcha ta’lim muassasalarida yangi 2018 – 2019-o‘quv yili zo‘r ko‘tarinkilik bilan boshlandi.
Quvonchu shodliklar bilan nishonlangan “Birinchi qo‘ng‘iroq” tantanalaridan so‘ng barcha joylarda bo‘lganidek, viloyatimizdagi umumta’lim maktablarida ham dastlabki saboqlar “Mustaqillik darslari” sifatida boshlandi.
“Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” degan ezgu g‘oya asosida tashkil etilgan “Mustaqillik darslari”da ozod va obod diyorimizning istiqlol davri odimlari, qo‘lga kiritilgan yutuq va muvaffaqiyatlarimiz, bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan zamon va taraqqiyot asriga xos islohotlar haqida o‘quvchi yoshlarga batafsil ma’lumotlar berildi.
Ahamiyatli jihati “Mustaqillik darslari” umumta’lim maktablari direktorlari, maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, tarix, ona tili va adabiyoti fanlari o‘qituvchilari tomonidan puxta tayyorgarlik bilan o‘tildi.
Dars jarayonida axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanilgani, istiqlol davri odimlari slaydlar va multimedia vositalari orqali ochib berilgani o‘quvchilarda katta taassurot qoldirgan bo‘lsa, ustozlarning hayotiy misollar va dalillar asosidagi ma’lumotlari ozod yurtimiz taraqqiyoti borasidagi bilimlarini boyitdi.
Xususan, Birinchi Prezidentimiz - istiqlol me’mori Islom Karimov­ning mustaqillikni mustahkamlash va el-yurt farovonligi yo‘lidagi beqiyos xizmatlari, bugun Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tobora shiddatkorlik kasb etayotgan yangilanishlar, shuningdek, “Janob, Prezident” filmi namoyishi, jadal islohotlar natijasida yurtimizning eksport salohiyati yanada ortib borayotgani haqidagi ma’lumotlar ozod O‘zbekistonning dadil odimlarini mujassam etdi. Erkin iqtisodiy zonalardagi shiddatkor sa’y-harakatlar, tadbirkorlik ravnaqi natijasida yaratilayotgan yangi ish o‘rinlari, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari ijrosiga oid dalil va raqamlar yurtimizning ulkan bunyodkorlik maydoniga aylanib borayotganini namoyon etdi.
Shuningdek, istiqlol va istiqbol yo‘lidan shahdam borayotgan mamlakatimizda ma’naviy yuksalish va taraqqiyotga beqiyos hissa qo‘shgan ilm-fan, adabiyot, madaniyat va san’at namoyandalari ijodi, ularning ibratli hayot yo‘liga oid ma’lumotlar bilan “Mustaqillik darslari” mazmunan yanada boyidi.


Isroil YUSUPOV