Jajji chempion yana cho‘qqida!

Mavluda Mahmudova 6 yoshidayoq jahon chempioni sifatida nom qozonib, viloyatimiz o‘quvchilari orasida eng yosh nomdor sportchilardan biriga aylangan edi. Yaqinda Bolgariyada o‘quvchilar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan 64 katakli shashka bo‘yicha navbatdagi jahon chem­pionatida 20 dan ziyod davlat vakillari ishtirok etdilar. Ana shu bellashuvlarda Mavluda yana bir bor iqtidorini namoyon etdi. Hozirda Namangan shahridagi 26-umumta’lim maktabining 2-sinfida o‘qiyotgan amaldagi jahon chempioni bu gal ham o‘z unvonini munosib himoya qildi va chet ellik mutaxassis va murabbiylarda ham katta taassurot uyg‘otdi. Ketma-ket raqiblarini yenggan shashkachimiz klassik, blis va rapid yo‘nalishlarida o‘z omadini sinab ko‘rdi. Natijada klassik yo‘nalishda 7 ochko jamg‘arib, 3-o‘rinni band etdi. Blis yo‘nalishidagi bellashuvlar unga 10 ochko hamda 2-o‘rinni taqdim etdi. Yakunda esa rapid yo‘nalishida Mavluda barchadan ko‘p ochko jamg‘argan holda shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi hamda chempionlikni qo‘lga kiritdi.
-Avval ham jahon chempionatida o‘zimni sinab ko‘rganim bois bu safargi urinishlarim ancha yengil kechdi, - deydi Mavluda. - Lekin kuchli shashkachilar safi kengayib borayotgani raqobat ortishiga olib kelmoqda. O‘z kuchimga ishondim va xotirjamlikni qo‘ldan bermaslikka harakat qildim. Natijada o‘z ol­dimga qo‘ygan vazifamni uddala­dim. Ayniqsa, murabbiylarimdan juda minnatdorman.
Mavluda endi ikki karra jahon chempioni. Biroq u yana cho‘qqiga intilishda davom etadi. 10 - 15-oktyabr kunlari uni navbatdagi sinovlar kutib turibdi. Buxoroda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston kubogi bahslari sportchimizning terma jamoadagi o‘rnini yanada mustahkamlash imkonini beradi. Muvaffaqiyat esa, navbatdagi xalqaro darajadagi bellashuvlar eshigini ochadi.

Maftuna REJABBOYEVA