Ular “Real”dan taklif oldilar!

Madridning “Real” klubi safida eng nomdor yulduzlar o‘ynaydi. Jamoa akademiyasiga butun jahon bo‘ylab eng mahoratli bolalar jalb qilinadilar. Qabul cheklangani, tanlov esa juda jiddiy sinovlardan iborat ekani bois taklif qilinganlar ro‘yxatiga tushish qanchalar murakkab ekanini tasavvur qilish qiyin emas. Namanganlik uch nafar o‘quvchi ana shunday imtihondan muvaffaqiyatli o‘tishga erishdilar! Tanishing! Namangan shahridagi 1-DIUMning 3-sinf o‘quvchisi Abubakir Rahimov, 31-umumta’lim maktabining 5-sinf o‘quvchisi Ayubxon Hamidov hamda 34-umumta’lim maktabining 5-sinf o‘quv­chisi Saidolim Bahromov Madridning “Real” klubi akademiyasiga yo‘l oldilar.
Saidolim va Abubakir “Navbahor” klubi akademiyasida tajribali murabbiy A’zamjon Rejabboyev qo‘l ostida shug‘ullanib, bir necha bor o‘quvchilar o‘rta­sidagi respublika bellashuvlarida mahorat ko‘rsatganlar. O‘zbekiston chempionati va kubogi musobaqalarida ular bolalar jamoalari tarkibida viloyatimiz sharafini munosib himoya qilib kelishmoqda. Ayubxon esa “Barkamol avlod” sport majmuasida Dilmurod Nizambayev boshchiligidagi jamoada to‘p suradi.
Yoz oylarida hududlar va Toshkent shahrida respublikamizning barcha viloyatlaridan saralangan 300 nafardan ziyod bolalar o‘rtasida Yevropa Chempionlari ligasining uch karra g‘olibi sanalgan “Real” akademiyasi seleksiya (saralash) bo‘yicha mutaxassislari sinov mashg‘ulotlarini o‘tkazdilar. Natijalar e’lon qilingach, 12 nafar o‘quvchi Ispaniyaga yo‘l olishi ma’lum bo‘ldi. Quvonarlisi, namanganlik uch yosh iqtidorli sportchi ham saralanganlar qatoridan joy oldi. Ular endi Madridga borib, dunyoning amaldagi eng kuchli klubi hayoti, mashg‘ulot jarayonlari, kun tartibi va muvaffaqiyat formulasi bilan tanishadilar.
Keyinchalik esa ana shu akademiyada Namangan futbol maktabi dovrug‘ini olamga yoyishga shaylangan tengdoshlarimizga omad tilaymiz!

Elyor ABDULVOHIDOV