“KITOB - MA’NAVIY XAZINA”

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti­ning 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi hamda 2017-yil 13-sentya­brdagi qarori ijrosini ta’minlashga viloyatimiz xalq ta’limi tizimida ham yuksak e’tibor qaratilmoqda.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi hamda “Bolalar dunyosi” gazetasi tahririyati hamkorligida shu maqsadda viloyatimizdagi o‘quvchi-yoshlarni kitobxonlikka keng jalb qilish yo‘lida “Kitob - ma’naviy xazina” tanlovi e’lon qilingan edi.
Prezidentimizning kitob va kitobxonlik ravnaqiga qaratilgan yuqoridagi farmoyishi va qarori ijrosi doirasida jamiyatda ma’naviyatni yanada yuksaltirish, ayniqsa, kelajagimiz egalarining ma’naviy tafakkuri, dunyoqara­shini, bilimdonligi va zukkoligini oshirishga qaratilgan tanlov yuksak uyushqoqlik bilan namunali tashkil etildi. Unda viloyatimizning barcha shahar va tumanlaridan 50 nafardan ziyod o‘quvchilar faol ishtirok etib, tafakkur va zukkolik bobida bahsga kirishdilar.
Tanlov jarayonida o‘quvchilarning ma’naviy kamoloti, kitob mutolaasiga bo‘lgan ishtiyoqi, jahon va o‘zbek adabiyoti namunalari bilan qay darajada hamnafas kamol topayotgani “Men sevgan shoir va adib”, “Mutolaa zavqi”, “Jahon bolalar adabiyoti durdonalari”, “Men ibrat olgan qahramon”, “Kitob - komillik va yetuklik manbai” kabi 5 ta shart bo‘yicha qamrab olindi.
Tanlovning yakuniy saralash bosqichi hamda g‘oliblarni aniqlashga bag‘ishlangan tadbir mamlakatimiz mustaqilligining 27 yillik bayrami arafasida yuksak uyushqoqlik bilan tashkil etilib, o‘quvchilarning tanlovdagi ishtiroki nufuz­li hakam­lar hay’ati tomonidan adolatli, xolis va haqqoniy tarzda baholandi.
Natijalarga ko‘ra, kitob mutolaasi va badiiy asarlardan olgan taassurotlari borasida barchadan ustun ekanligini namoyon etgan Mingbuloq tumanidagi 6-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Marvarid Akbarova mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritib, I darajali diplom hamda noutbuk bilan taqdirlandi.
2-o‘rinni qo‘lga kiritgan Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 42-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Mirjalol Sotivoldiyev II darajali diplom hamda velosiped bilan, 3-o‘rinni egalla­gan Namangan shahridagi 18-DIMIning 11-sinf o‘quv­chisi Mutallim Yoqubjonov III darajali diplom va Alisher Navoiyning 10 jildlik tanlangan asarlari to‘plami sohibi bo‘ldilar.
To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 39-umumta’lim maktabining 4-sinf o‘quvchisi Zilola Qahhorova tanlovda “Eng yosh kitobxon” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘lib, kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandi.
“Kitob - ma’naviy xazina” tanlovi ma’naviy yetuklik, yosh avlod kamoli hamda o‘sib kelayotgan farzandlarimizni yuksak bilim va tafakkur sohiblari sifatida mustaqil mamlakatimizga munosib ulg‘ayishlariga xizmat qilganligi bilan yuksak ahamiyat kasb etdi.
Tanlov g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimida viloyat hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi X. Bozarov o‘quvchilarga diplom va mukofotlarni topshirish barobarida yetuk kamolot yo‘lida omad va muvaffaqiyatlar tiladi.

Mardonbek ESONBOYEV