Ziyoga baxshida umr

Navqiron avlod tarbiyasida umumta’lim maktablarining, ularda mehnat qilayotgan o‘qituvchi va murabbiylarning o‘rni muhim ahamiyatga ega. Farzandlarimizning ilm-fan asoslarini puxta o‘rganish, iqtidori yuzaga chiqishi va charxlanishida ta’lim dargohlari asosiy vosita sanaladi. Shu bois ham so‘nggi yillarda o‘qituvchi va murabbiylar faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning malaka va tajribasini boyitib borish, dars jarayonlarini shiddat bilan rivojlanayotgan zamon talablari asosida tashkil etish e’tibor markazidagi masalaga aylangan.
Maktabda ta’lim berish jarayonlariga kirishayotgan yosh pedagoglarni kasb sirlaridan voqif qi­lish, “ustoz-shogird” an’analari asosida ular bilan o‘zining boy tajribasini o‘rtoqlashayotgan nuroniy ustozlardan biri A’loxon Abduolimov Namangan shahridagi 81-umumta’lim maktabida yarim asr davomida tarix fanidan dars berib kelmoqda. Ustoz 50 yillik o‘qituvchilik faoliyati davomida o‘quvchilar bilan tillashish, har bir mashg‘ulotni qiziqarli va sermazmun tashkil etish, yangiliklarga intilish borasidagi yutuqlari bilan barchaga o‘rnak. Qahramonimiz 45 daqiqalik dars bilan cheklanmay, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida ham doimo izlanishda. Uning tashabbusi bilan maktabda tashkil etilgan muzeylari viloyatda yagona. Bugun ushbu maskanga keluvchilar moziyga nazar tashlab, tarix bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etishlari mumkin.
E’tiborlisi, qahramonimizning o‘g‘li va ikki nafar qizi ham ota izidan borib o‘qituvchilik kasbini tanlaganlar. Oilaviy suhbatlarning asosi­ni ham aynan yosh avlodga puxta bilim berish haqidagi o‘gitlar tashkil qiladi.
Yoshi 70 dan oshgan pedagog ta’lim jara­yonlariga tadbiq etilayotgan texnologiyalarni o‘zlashtirishdan charchamaydi. Ishdan bo‘sh vaqtlarini esa o‘quvchilarni mehnatsevarlikka, tabiatni asrash va ezgulik yaratishga undashga sarflaydilar. Shu bois ham maktab jamoasi tajribali ustoz faoliyatini doimo ibrat namunasi sifatida e’zozlaydi, uning ezgu tashabbuslariga ergashadi. Ustozning mehnatlari davlatimiz tomonidan yuksak baholanib, “Shuhrat” medali hamda “Xalq ta’limi a’lochisi” yuksak unvonlariga sazovor bo‘lganlar. Bu “Mehnat qilgan - elda aziz”, degan purma’no hikmatning hayotiy ifodasidir.

Elyor ABDULVOHIDOV