Mahallada - Xalq kutubxonasi

Namangan tumanidagi Xo‘jaqishloq, Beshkapa, Xonobod va Qumqo‘rg‘on qishloqlari o‘quvchilari darslardan bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish uchun yana bir ma’naviyat manziliga ega bo‘ldilar. Gap shundaki, bu yerda faoliyat olib borgan Respublika ishchi guruhi ko‘magi bilan mazkur qishloqlardagi mahallalarda to‘rtta Xalq kutubxonalari ish boshladi. Endi o‘quvchilar ota-onalari bilan birgalikda bu yerga kelib yoqtirgan adabiyotlarini tanlab olishlari mumkin bo‘ladi.
Ibrat MFYda bo‘lib o‘tgan tadbirda bu yerda tashkil etilgan ziyo maskaniga 10 million so‘mlik badiiy asarlar topshirildi. Jami 3065 nafar aholi istiqomat qiluvchi mazkur mahallada “Yoshlar”, “Maskan”, “Yangi asr” va “Charog‘bon” ko‘chalari kesishadi. Bo‘lib o‘tgan kitob bayramida yuqoridagi maskanlarda yashovchi aholi vakillari jam bo‘ldilar. Yangi kitoblar, ayniqsa, yosh o‘g‘il-qizlarga ulkan quvonch ulashdi.
- Mahallamiz hududidagi 20-umumta’lim maktabining 8-sinfida o‘qiyman, - deydi tadbir ishtirokchilaridan biri Durdona Usmonova. - Avvallari ko‘proq maktabimiz kutubxonasidan foydalanar edik. U yerda ham qiziqarli asarlar juda ko‘p. Endi uyimizga yaqin joyda ham bunday imkoniyat paydo bo‘ldi. Bu yerdan men bugun ilk kitobni tanlab oldim. Bu “O‘zbek bolalar adabiyoti antologiyasi”dir. Undagi asarlarni o‘qib bilimlarimni boyitaman.
Ko‘rinib turibdiki, mahallalarda tashkil etilayotgan Xalq kutubxonalari o‘quvchilar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Isroil YUSUPOV