Ular cho‘qqini zabt etishdi

Jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etayotgan o‘quvchilar safi kengayib bormoqda. E’tiborli jihati, bunday yuqori darajaga erishayotgan tengdoshlaringiz turli yo‘nalishlar vakillaridir. Rossiyaning Tula shahri mezbonlik qilgan qo‘l jangi bo‘yicha jahon chempionati sayyoramizning turli nuqtalaridan kelgan mahoratli yoshlarni jamladi. 34 ta davlatdan uch yuzdan ziyod sportchi g‘oliblik uchun kuch sinashdilar. Ana shu bellashuvlarda viloyatimiz sharafini Namangan shahridagi 2-BO‘SM sportchilari himoya qildilar. Namangan shahridagi 1-DIUMning 10-sinf o‘quvchisi Alisher Jo‘raxonov hamda 74-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Musoxon Abdullayev o‘z vazn toifalarida kumush medallarini qo‘lga kiritgan bo‘lsalar, 7-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Baxtiyor Sharipov uchinchi o‘rinni band etdi.
- Musobaqada 55 kilogramm vaznda ishtirok etdim, - deydi Musoxon Abdullayev. - Ko‘rdimki, bellashuvlarda kuchli raqobat hukm surdi. Shunda ham biz terma jamoa tarkibida o‘z so‘zimizni ayta olganimizdan xursandmiz. G‘alabamizni ustozlarimizning bayramiga tuhfa sifatida bag‘ishlaymiz.
Sport maktabida jahon chempionati sovrindorlarini sharaflashga bag‘ishlangan tadbirga sportchi va murabbiylar, ota-onalar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar. Ta’kidlanganidek, yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, bo‘sh vaqtini sport bilan shug‘ullanishga bag‘ishlayotgan o‘quvchilar bugun yuksak marralarni zabt etmoqdalar. Ularning harakatlari qo‘llab-quvvatlanayotgani yosh atletlarni yangi g‘alabalar sari ruhlantirmoqda. Oldinda esa ularni Buxoroda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston chempionati bahslari kutib turibdi. Mazkur bellashuvlarda vakillarimizga omad tilaymiz.

Maftuna REJABBOYEVA