Bolalar adabiyotiga bir nazar

Bolalar adabiyoti deganda, hammamizning ko‘z oldimizga bolalarga mo‘ljallangan turli hil qiziqarli ertaklar, sarguzasht hikoyalar, dostonlar va ana shu asarlarning qaharmonlari keladi. Albatta, bulardan tashqari bolalar adabiyoti badiiy, ilmiy, publisistik asarlar, shu jumladan tez aytish, topishmoq, o‘yin qo‘shiqlari, rivoyat, afsona, maqol hamda masallardan ham iboratdir.
Har bir bola, albatta, adabiyotga mehr qo‘yadi. Bu mehr esa bolaga go‘dakligidan ya’ni ona allasi orqali singib boradi. Ertak va hikoya tinglamagan, she`ru-qo‘shiq yodlab, ularni xirgoyi qilib yurmaydigan bola bo‘lmasa kerak. Bolalar o‘zlari eshitgan yoki o‘qigan ertak qahramonlari bilan birga yashaydi. Ularning yaxshi xislatlarini: botirlik, mehnatsevarlik, mehribonlik, vatanga muhabbat, do‘stga sadoqat kabilarni o‘zlarida ham namoyon qilishga urunishadi. Shuningdek, salbiy qahramonlardan, ularning yomon odatlari bo‘lgan qo‘rqoqlik, dangasalik, yolg‘onchilik, chaqimchilik kabilardan qochishadi. Ayan manashular bolalar tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etadi. Ularni barkamol inson bo‘lib ulg‘ayishida katta xizmat qiladi. Shuning uchun ham nafaqat o‘zbek adabiyotida, balki, jahon adabiyotida ham bolalar adabiyotining o‘rni beqiyosdir va tobora rivojlanib bormoqda.
Sharq yozma adabiyotida “pandnoma”, “nasihatnoma”, “axloq kitoblari” kabi nomlar bilan tasnif qilinuvchi ya’ni Kaykovusning “Qobusnoma”, Shayx Sa’diyning “Guliston” va “Bo‘ston”, Jomiyning “Bahoriston” singari asarlari bolalar adabiyotining dastlabki namunalari sanaladi. Bu asarlar tarjima vositasida o‘zbek bolalar adabiyotiga kirib kelgan. Shuningdek, Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror”, “Mantiq ut-tayr” va “Mahbub ul-qulub”, Xojaning “Gulzor”, Gulhaniyning “Zarbulmasal” kabi asarlari ham o‘zbek bolalar adabiyotining mumtoz namunalari sifatida yosh avlodni yaxshi insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qilib kelmoqda.
O‘zbek bolalar adabiyoti jahon bolalar adabiyotining ilg‘or an’analari ta`sirida ham rivojlanib, bu o‘rinda jahon bolalar adabiyotining nodir namunalari bo‘lgan J.Sviftning “Gulliverning sayohatlari”, D. Defoning “Robinzon Kruzo”, B. Stouning “Tom tog‘aning kulbasi”, E. Voynichning “So‘na” kabi asarlarini keltirishimiz mumkin. Ushbu durdona asarlar o‘zbek tiliga tarjima qilingan bo‘lib, bolalarning sevimli asarlariga aylanib ulgurgan. Qolaversa, rus adabiyotining yorqin namunalari sanalgan Krilov masallari, Pushkinning “Baliqchi va baliq haqida ertak” asari, K.D.Ushinskiy hamda Tolstoyning bir qancha hikoya va ertaklari tarjima qilinib, maktablar alifbo va o‘qish kitoblariga kiritildi.
Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom, G‘ayratiy, Shokir Sulaymon, ­Ilyos Muslim, G‘ulom Zafariy, Ayniy, Elbek, Zafar Diyor, Sulton Jo‘ra, Qudrat Hikmat, Quddus Muhammadiy, Shukur Sa’dulla, Hakim Nazir, Po‘lat Mo‘min va boshqa ijodkorlarning asarlari o‘zbek bolalar adabiyotining rivojlanishida alohida xizmat qilib kelmoqda. Shuningdek, o‘zbek bolalar adabiyotining ertak janrida ajralib turuvchi Hamid Olimjonning “ Oygul bilan Baxtiyor”, “Semurg‘ yoki Parizod va Bunyod”, Mirtemirning “Ajdar”, Shukur Sa’dulla­ning “Uch ayiq”, “Ayyor chumchuq”, Zafar Diyorning “Yangi ertak”, “Toshxon bilan Moshxon”, “Tulkining hiylasi”, Sulton Jo‘raning “Zangor gilam” va “Qaldirg‘och” singari adabiy ertaklari xalq og‘zaki ijodi an`analari asosida yaratilgan bo‘lib, barcha bolajonlar­ning sevimli ertaklari hisoblanadi.

Yorqinoy ISMONOVA,
O‘zMU talabasi