O‘quvchilar jamoasi g‘olib bo‘ldi

Futbolchilarimiz yana g‘oliblik shoxsupasiga ko‘tarildilar. Namangan shahridagi “Navbahor” futbol maktab akademiyasida 12 yoshgacha bo‘lgan charm to‘p ustalari o‘rtasida Respublika chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda barcha viloyatlar hamda poytaxtimiz terma jamoalari g‘oliblik uchun bahs olib bordilar. Murosasiz bellashuvlarda viloyatimiz o‘quvchilari yarim final bahsini aynan poytaxtlik tengdoshlariga qarshi o‘tkazishdi. Mazkur uchrashuvda tomonlar durangga imzo chekishdi. Penaltilar seriyasida esa jamoamiz 7:6 hisobida zafar quchdi.
Finalda esa namanganlik o‘quvchilar Andijon viloyati terma jamoasiga qarshi maydonga tushdilar. Hal qiluvchi bahs 2:1 hisobida vakillarimiz foydasiga yakunlandi. Shu tariqa murabbiylar Muhammadjon Nuriddinov va Rahimjon G‘ofurov boshchiligidagi yosh futbolchilarimiz mavsumning asosiy musobaqasida g‘olib chiqdilar.
Yana bir e’tiborli jihati, g‘oliblarga medallar va esdalik sovg‘alarini Angliya chempioni, “Manchester Yunayted” klubidagi ajoyib o‘yinlari bilan tanilgan va hozirda “Navbahor” klubini bosh murabbiy sifatida boshqarayotgan Andrey Kanchelskis topshirdi.
Buxoro shahrida esa Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi umumt’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Futbolimiz kelajagi sening qo‘lingda” musobaqa finali bo‘lib o‘tdi. Unda hududiy bosqichlarda saralangan 8 ta jamoa tarkibida 2005 - 2006-yillarda tug‘ilgan o‘quvchilar g‘oliblik uchun kurashdilar. Musobaqa yarim finaligacha yetib borgan viloyatimiz vakillari amalda 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan holda sovrindorlar qatoridan joy olishdi. Musobaqada Sirdaryo viloyati jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritdi. Poytaxtlik o‘quvchilar ikkinchi o‘rinni band etdilar.
Musobaqa doirasida yosh futbolchilar ko‘hna va hamisha navqiron Buxoro bo‘ylab sayohatda ham ishtirok etdilar va tarixiy obidalar bilan yaqindan tanishdilar.

Elyor ABDULVOHIDOV