“YOSH KITOBXON”

Kelajagimiz egalarini har jihatdan yetuk, yuksak ma’naviyatli, keng tafakkur egalari sifatida kamol toptirish yo‘lida ko‘plab ezgu tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Ana shu maqsadga qaratilgan an’anaviy “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Kitobning inson kamolotidagi o‘rni va ahamiyatidan kelib chiqib, yosh avlodda ona diyorimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar, adib va mutafakkirlarning boy merosiga havas uyg‘otish, dunyoviy ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimizning bebaho asarlari, milliy va jahon adabiyoti durdonalarini o‘qib-o‘rganishga ruhlantiruvchi tanlov uchta yosh toifasidagi kitobxon o‘quvchilarni qamrab oldi.
10 - 14, 15 - 19 hamda 20 - 30 yoshgacha bo‘lgan kitobxon, bilimdon va zukko yoshlar buyuk mutafakkirlar va adiblar hayoti va ijodidan qay darajada xabardor ekanliklarini, badiiy asarlarni qanchalar qiziqish, ishtiyoq va qunt bilan o‘qiyotganliklarini amalda namoyon etdilar.
Tanlov natijalariga ko‘ra, 10 - 14 yoshlilar orasida Chust tumanidagi 7-DIMIning 7-sinf o‘quvchisi Saidkamol Abdulhakimov, 15 - 19 yoshlilar orasida To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 39-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Gulhayo Nurmahammadova, 20 - 30 yoshlilar orasida Gulhayoning ustozi, shu maktabning ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Mohira Munavvarova tengdoshlari orasida mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritib, tanlovning respublika bosqichida viloyatimiz sharafini himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Maftuna REJABBOYEVA