Har bir bola mehr-e’tiborda

Har bir bolaga alohida mehr-e’tibor ko‘rsatish, g‘amxo‘rlik qilish, ularga ko‘mak berish hamda qo‘llab-quvvatlash o‘zbek xalqining chindan-da bolajon ekanini yaqqol namoyon etadi. Xususan, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 48-imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasasida tashkil etilgan “Kelajak tabassumi” shiori ostidagi aksiya tadbiri ham alohida ehtiyojga ega bo‘lgan bolajonlarning bir olam quvonchiga sabab bo‘ldi. Respublikadan tashrif buyurgan “Kelajak tabassumi” mustaqil ko‘ngillilar tashabbuskor guruhi, “Havaskorlar san’atini rivojlantirish” tashabbuskor guruhi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Namangan viloyati Kengashi hamkorligida tashkil etilgan mazkur kechada jami 220 nafar o‘g‘il-qizlarga mutasaddilarning sovg‘alari topshirildi.
Tadbirda ertak qahramonlarini talqin etgan tashabbuskor guruh a’zolari sahna ko‘rinishlari, bir-biridan qiziqarli chiqishlar namoyish etishdi. Kichkintoylar hamda ertak qahramonlari ishtirokida rang-barang o‘yinlar o‘tkazildi. Shu kuni har bir o‘g‘il-qizning ko‘zlari quvonchdan porladi.

O‘z muxbirimiz