Yosh tadqiqotchilar

Tarix darsini voqea joyida o‘tishga nima deysiz? Haqiqiy arxeologlar kabi osori-atiqalarni o‘rganishga-chi? Norin tumanidagi 3-umumta’lim maktabi o‘quvchilari ana shunday imkoniyatga ega bo‘ldilar. Jumladan, 5-sinf o‘quvchilari olimlarning mashaqqatli mehnati bilan yaqindan tanishish maqsadida tuman markazidagi qadimiy qal’a xarobasini o‘rgandilar. Tarix o‘qituvchisi Nafosat Muhitdinova “Arxeologiya tarixi” mavzusida o‘quvchilarga batafsil ma’lumot berdi. Quyultepa manzilgohiga uyushtirilgan sayohat ham o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi. Zero, xalqaro miqiyosda Axsikent arxeologik yodgorligini o‘rganishga qiziqish oshib borayotgan bir davrda bunday yondashuvlar dolzarb ahamiyat kasb etadi. Yoshlarni o‘quvchilik davridanoq bunday mashg‘ulotlarga qiziqtirish ular iqtidorini yanada yorqinroq namoyon etadi.
- O‘zim tarix faniga juda qiziqaman, - deydi sayohat ishtirokchilaridan biri Ozodbek Ahmadjonov. - Sinfdoshlarim Asilbek Davronov, Nozima G‘ulomjonova, Zuhra Karimovalar bilan haqiqiy arxeologlar singari tarixiy buyumlarni o‘rgandik. Bu bizga tumanimizda yashab o‘tgan ajdodlarimizning hayoti, yashash tarzi, turmushi haqida qimmatli ma’lumotlarni taqdim etadi.
To‘raqo‘rg‘on tumanidagi bir qator maktablar o‘quvchilari esa nafaqat mazkur hudud, balki butun viloyatimizning yorqin manzillaridan biriga aylangan Isxoqxon To‘ra Ibrat majmuasida amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdilar. Ular bu yerda tashkil qilingan xiyobon, muzey va bosmaxona faoliyati bilan tanishdilar. Mutaxassislar yosh mehmonlarga qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etishdi.
- Ibrat bobomizning faoliyati meni doimo ilhomlantiradi, - deydi tumandagi 8-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Nozima Mamatqulova. - O‘zim ham ijod qilib turaman. She’rlarimni Vatan, ona yurtim tabiati, buyuk ajdodlarimizning bebaho merosiga bag‘ishlayman. Mana bugun Ibrat bobomiz haqidagi she’rim uchun ko‘plab ma’lumotlar to‘plashga muvaffaq bo‘ldim.
Sayohat davomida o‘quvchilar tarix, adabiyot, o‘lkashunoslik kabi yo‘nalishlarda bilimlarini boyitdilar.

Isroil YUSUPOV