“Shum bola”ga yangicha nazar

G‘afur G‘ulomning bu asarini o‘qimaganlar bo‘lmasa kerak. “Shum bola” kinofilmi esa nechanchi marotaba ko‘rayotganingizdan qat’iy nazar har gal yangi qiziqishni uyg‘otadi. Asar va film o‘rtasidagi farq qanday? Maktabimizda, aynan bizning sinfimizda o‘tgan tadbirda ana shu savolga javob izlandi.
Jarayonda asarning kinoijodkorlar nigohidan chetda qolgan sahnalarini namoyon etdik. E’tiborlisi, barchasini biz o‘quvchilar talqin qildik. Shum bola, Sariboy kabi obrazlar yorqin ifodalandi. Gulsanam Ahmedova, Shohijahon Sotqinboyev, Gulsevar Madaminova, Odina Qosimova kabi sinfdoshlarimiz sahna ko‘rinishini tayyorlashda faol ishtirok etdilar. G‘afur G‘ulom obrazidagi Abdulaziz Xudoyberdiyev tadbir ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga javob berdi. Barchamiz atoqli adib va shoirning hayoti va ijodi borasidagi bilimlarimizni o‘rtoqlashdik.
Ishtirokchilar asar va uning asosida ishlangan kinofilmning tarbiyaviy ahamiyati to‘g‘risida bahs-munozarada ishtirok etib, o‘z fikrlarini bildirdilar. Tadbir bizning kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishimizni yanada oshirdi.

Zuhriddin JAMOLIDDINOV,
Chortoq tumanidagi 46-umumta’lim maktabining 6-sinf o‘quvchisi