Eng katta sovrin

Madina ko‘pincha o‘zini kattalardek his qilar, bazan muammolarini o‘zi hal qilishga urinardi. Onasi so‘zlariga kamdan-kam quloq tutib, ba’zan o‘z bilganidan qolmasdi. Bir kuni u bir tanlovda qatnashish uchun ruxsat so‘ragan edi onasi u bilan birga borishini aytdi. Ammo Madina rozi bo‘lmadi. Onasini borishini xohlamadi.
Yo‘lda ketar ekan, ko‘zi bir qizga tushdi. U qiz onasi bilan telefonda suhbatlashayotgan edi. “Onajon tuzukmisiz, ovqatlanib oldingizmi? Doim o‘zingizni asrang, menga juda keraksiz, ilohim baxtimga sog‘ bo‘ling”, - deb hayajon bilan suhbatlashayotganini eshitib onasiga aytgan achchiq so‘zlari, nojo‘yi xatti-harakatlari yodiga tushdi. Yo‘lda davom etdi. Tanlov boshlanar ekan, Madinani ko‘zlari raqiblariga tushdi. Ularni onasi bag‘riga bosib, omadlar tilab ruhlantirar edi. U bu holatdan juda ta’sirlanib ko‘zlaridan yosh tomchiladi. So‘ng uyi tomon chopqilladi. Katta-katta qadamlar qo‘yib, yuragidan turli so‘zlar o‘tilardi. Uyga yetgach, eshikni hayajon va quvonch bilan taqillatdi. Onasi kulib qarshi oldi. “G‘olib bo‘ldingmi?”, “Sovrun oldingmi?” deya ona hovliqib so‘radi. “Yo‘q yutmadim, ammo sovrinni allaqachon olgan ekanman. Meni kechiring, turli so‘zlar bilan ko‘nglingizni og‘ritganim uchun, onajon. Buyuk sovrinim siz ekansiz, onajon”, - deya ko‘zlarida yosh bilan dil rozlarini aytib, o‘zini onasi quchog‘iga otdi.

Mohichehra ABDULLAYEVA,
Namangan shahridagi 58-DIUMning 11-sinf o‘quvchisi