
Muvaffaqiyat pog‘onalarini zabt etishda keng tafakkur va dunyoqarash barobarida huquqiy bilimlar beqiyos ahamiyatga ega. Shuning uchun ham kelajagimiz egalari ongiga bolalik chog‘laridanoq Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyatini singdirish, ularning huquqiy bilim va madaniyatini yanada oshirishga yuksak e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Konstitutsiya – baxtimiz poydevori” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman-shahar bosqichlarida faol ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 48 nafar o‘g‘il-qiz belgilangan shartlar asosida bahs olib bordilar. Insho, bayon, rasm chizish kabi shartlarni qamragan tanlov davomida ishtirokchilar huquqiy bilimlarni qanchalik puxta o‘zlashtirayotganliklarini namoyish etdilar. Bellashuv yakuniga ko‘ra, bayon yo‘nalishi bo‘yicha Kosonsoy tumanidagi 33-umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Madina Munavvarxonova g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, insho yo‘nalishida Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 10-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Sarvinoz Isakjanova 1-o‘ringa loyiq topildi. Norin tumanidagi 44-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Jamshid Po‘latov esa, rasm yo‘nalishida raqiblarini ortda qoldirdi. Barcha g‘olib o‘quvchilar tanlovning mamlakat bosqichida viloyatimiz sharafini himoya qiladilar.
Shohista ERMATOVA,
VXTBda ona tili va adabiyoti fani uslubchisi