Tengdosh - tengdoshga

Xalq ta’limi tizimidagi ezgu tashabbuslarni jamlagan “Tengdosh - tengdoshga” loyihasi 16 - 17-noyabr kunlari mamlakatimizning barcha hududlaridagi xalqaro va respublika fan olimpiadalari g‘oliblari, yoshlar yetakchilari, “Ittifoq” va “Kamalak” sardorlaridan iborat 70 nafar o‘quvchilarni poytaxtimiz Toshkent shahrida jamladi. Ular orasida viloyatimizdan ham 3 nafar o‘quvchi va 1 nafar yoshlar yetakchisi borligi quvonarli.
Eng iqtidorli, eng faol hamda tashabbuskor o‘g‘il-qizlar, avvalo, yurtimizning turli hududlaridan yangi do‘stlar orttirish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Qolaversa, loyiha doirasida Toshkent shahridagi 144- va 324-sonli umumta’lim maktablarida bo‘lib, ta’lim-tarbiya jarayonlari, tengdoshlarining ilm-fan yo‘lidagi inti­lishlarini yaqindan kuzatdilar. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga tashrif ularda unutilmas taassurot qoldirdi.
Xalq ta’limi vazirligi rahbariyati bilan uchrashuv chog‘ida o‘quvchilar o‘z taklif-mulohazalarini bildirdilar, ularning lo­yihalari muhokama qilindi.
Loyihaning ikkinchi kuni Toshkentdagi Inha universiteti tashabbusi bilan “Codecraft” dasturiy ta’minotini o‘qitishga qaratilgan maxsus malaka oshirish kursi tashkil etildi. Universitet mutaxassislari tomonidan “Codecraft” dasturiy ta’minoti haqida tushunchalar berildi. O‘quvchi-yoshlar mobil qurilmalar uchun ilovalar yaratish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda ham ishtirok etishdi.
Loyiha doirasidagi tadbirlar, muloqotlar, amaliy ja­rayonlar yoshlarda unutilmas taassurot qoldirdi.

Maftuna REJABBOYEVA