G‘AROYIB DARS

Sinf rahbarimiz Shahlo Abdurahmonova juda-juda intiluvchan, yangidan-yangi dars o‘tish usullarini biladilar, bizni fanga qiziqtirish uchun bor kuch va salohiyatlarini bag‘ishlaydilar. Deyarli har bir dars alohida tayyorgarlikka asoslanadi. Ma’lumotlarni eslab qolishimiz uchun xotira daraxti, matematik amallarda qiy­nalmasligimiz uchun karralar daryosi, yod olingan she’rlarni ifodali aytib berish uchun ijodkor minbari kabilar sinf xonamizda jamlangan. Yaqindagina davlatimiz ramzlaridan biri - bayrog‘imiz tasdiqlangan kunga bag‘ishlab, “Bayrog‘imiz - faxrimiz” shiori ostida qi­ziqarli va zavqli ochiq dars o‘tkazdik. Unda sinfimizning To‘lqinboy To‘lqinov, Temur Akramov, Dilnoza Abduraimova, Rayhona Isoqjonova singari faol o‘quvchilari bayrog‘imizdagi ranglarni ta’riflab, she’rlar aytdilar. Qolgan do‘stlarimiz ham maqollar, qo‘shiqlar va sahna ko‘rinishlari bilan faol qatnashdilar. Shu kuni barchamiz bayrog‘imiz bilan bog‘liq ko‘plab yangi ma’lumotlarni bilib oldik.

Ruhshona MAHMUDOVA,
Chortoq tumanidagi 42-umumta’lim maktabining 4-sinf o‘quvchisi