BAXT-IQBOL KITOBI

Inson borki, hamisha ezguliklarga intilib yashaydi. Ularga erishmoq uchun izlanadi, intiladi va sa’y-harakatlari samarasi sifatida muvaffaqiyat manzillarini zabt etib boraveradi. Buning uchun esa, beqiyos imkoniyatlar, huquqiy kafolatlar mujassam bo‘lmog‘i darkor. Zotan, “Mustaqillik huquq demakdir!”
Bosh qomusimiz - O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 26 yildirki, baxtu-iqbolimiz asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shuning uchun ham uni saodat kitobi, buyuk va nurli kelajagimizni yoritguvchi mayoq sifatida ardoqlaymiz.
Huquq va erkinliklarimiz kafolati bo‘lgan Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 26 yilligi butun mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlandi. Biz ham ilm maskanimizda muhim sana munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etdik. “Men nechun sevaman, O‘zbekistonni?” deb nomlangan tantanaga yuksak taraddud ko‘rdik. Maktabimizning bilimdon va zukko o‘quvchilari o‘z chiqishlarida Konstitutsiyamizda kafolatlab qo‘yilgan huquq va erkinliklarimizni birma-bir ifoda etib, huquq bilimdonlari ekanliklari bilan barchani hayratda qoldirdilar. Sahna ko‘rinishlari va badiiy chiqishlarda ozod yurtimizning taraqqiyot yo‘lidagi odimlari yaqqol namoyon bo‘ldi. Gulzoda Tursunmuhammedova, Oybek Yusupov, Shohsanam Jumaboyeva, Muattar Normatova kabi tengdoshlarimiz ijrosidagi she’r-qo‘shiqlar, badiiy dasturlar bayramga yanada tantanavorlik bag‘ishladi.
Maktabimizning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Nargiza Qirg‘izova tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbir orqali biz o‘g‘il-qizlar istiqloldan iqboli kulgan diyorda shodon kamol topayotganimizni baralla namoyish etdik.

Feruza DAVRONALIYEVA,
Chortoq tumanidagi 48-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi