MEHR-E’TIBORDAN MUNAVVAR OLAM

Yuksak insoniy qadriyatlar, mehr, e’tibor va g‘amxo‘rlik olamni ezguliklarga burkab, yaxshilik va xayrli amallar bilan bezab boraveradi. Zotan, inson qadri ulug‘ bo‘lgan diyorning iqboli porloq, istiqboli yanada yorug‘ va nurafshondir.
3-dekabr - Xalqaro nogironlar kuni ozod va obod diyorimizda ana shunday ezgu qadriyatlar e’zozlab kelinayotgani yanada yorqin namoyon bo‘ldi. Sana munosabati bilan Namangan shahridagi “Barkamol avlod” bolalar markazida tashkil etilgan tadbir “Mehr-e’tibordan munavvar olam” deb nomlandi. Unda yakka tartibda hamda alohida ehtiyojga ega bo‘lgan o‘quvchilar ishtirok etdilar. Tadbirda yurtimizda shu yo‘nalishda yaratilgan beqiyos shart-sharoitlar, ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va e’tibor hech bir bola mehr va e’tibordan chetda emasligining ifodasi bo‘lib, har bir o‘g‘il-qiz barcha tengdoshlari qatori fanlarni chuqur o‘rganish, ilm-fan cho‘qqilarini egallash, musiqa, san’at va sport, kasb-hunar borasida iqtidor va qobiliyatlarini namoyon etish imkoniyatiga ega ekanligi e’tirof etildi. Zotan, ular ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar, chizgan rasmlar, turli yo‘nalishdagi ijod namunalari chinakamiga betakrorligi bilan barchani hayratga soldi. Bu borada yuksak marralarni zabt etib, yutuq va muvaffaqiyatlarga erishayotgan o‘g‘il-qizlar munosib taqdirlandi.
Yuksak ko‘tarinkilik va tantana­vorlik kasb etgan tadbirda yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchilarga o‘quv qurollari, partalar va zarur jihozlar xadya qilindi.
Shunday xayrli tadbirlar To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 48- hamda Namangan shahridagi 49-sonli maxsus maktab-internatlarida ham tashkil etildi. Bolajonlar tayyorla­gan badiiy dastur, ular ijrosidagi betakror chiqishlar ezgulik va e’tibordan mamnun qalblar nurli manzillar sari astoydil intilayotganliklarini ifoda etdi.

Mardonbek ESONBOYEV