BILIM - KAMOLOT KALITI

Bilim insonni yuksak cho‘qqilarga eltuvchi ma’naviy boylikdir. O‘g‘il-qizlarni kuchli va puxta bilim egallashlari yo‘lida imkoniyatlar talaygina. Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 6-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan “Beshikdan qabrgacha ilm izla” shiori ostidagi tadbir o‘quvchilar uchun yangi bilimlar manbai bo‘lib xizmat qildi. Unda muassasaning jonkuyar va fidoiy rus tili fani o‘qituvchilari Yodgorjon Hasahboyev hamda Zarifaxon Nishonovalar ko‘magida “Ifodali o‘qish”, “Kimning xati chiroyli”, “Adabiy viktorina” kabi tanlovlar o‘tkazildi. Bellashuv davomida faol va tashabbuskorlikni qo‘ldan bermagan Xurshid Mahmudxonov, Hilola va Iroda Abdug‘aniyeva, Nigina Yusufboyeva, Mashhura Umarova kabi o‘quvchilar g‘olib chiqib, maqtov yorliqlari, kitoblar bilan taqdirlandilar.

Oftobxon RAHMATULLAYEVA,
Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 6-umumta’lim maktabining rus tili fani o‘qituvchisi