Istiqbol asosi

Huquq va erkinliklarimizni anglab, ulardan tog‘ri foydalanishni o‘rganib borish biz yoshlarning kelajakda jamiyatning barcha jabhalarida faol bo‘lishimizni ta’minlaydi. Bu yo‘lda esa Konstitutsiyamiz asosiy tayanchdir. 6 bo‘lim, 26 bob hamda 128 moddani qamragan baxtnomamiz bugungi farovon kunlarimiz, keng, yorug‘ va shinam xonalarda tahsil olishimizga kafolat bo‘lmoqda. Konstitutsiyamizga oid dastlabki bilimlarni boshlang‘ich sinflarda “Konstitutsiya olamiga sayohat” fani orqali o‘rganganmiz. Jumladan, uning 54-moddasidagi atrof-tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish burchimizdir, degan qayd burchimizni doimo eslatib turadi. Qolaversa, 41-moddada ta’kidlanganidek, bilim olish bepul va davlat nazoratida ekanligi bizlarga katta imkoniyatlar eshigini ochadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining boshqa davlatlar konstitutsiyalaridan farqi shundaki, uning 64-moddasida ota-onalar farzandlariga, 66-moddasida esa farzandlar ota-onalariga g‘amxo‘rlik qilishlari belgilab qo‘yilgan. Bu esa yurtimizda insonparvarlik ustuvorligini ko‘rsatadi.
Bir so‘z bilan aytganda, Konstitutsiya barchamizning huquq va erkinliklarimizni ifoda etgan istiqbol asosidir.

Hasanboy XOLDOROV,
Namangan shahridagi 21-DIMIning 11-sinf o‘quvchisi