MA’NAVIYAT QUYOSHI

Viloyatimizdagi axborot-resurs markazida xalq ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan respublika o‘quv-seminari kitob va kitobxonlikni qamrab oldi. Tadbirni viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Vahobjon Rajapov ochib, seminar ishiga muvaffaqiyat tiladi. “Kitobxonlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishda an’anaviy hamda zamonaviy innovatsion kreativ uslublardan foydalanish” shiori ostida tashkil etilgan seminarda respublikamizning barcha viloyatlaridan axborot-resurs markazlari direktorlari ishtirok etib, o‘zaro fikr almashdilar, munozaralar olib bordilar.
- Gullar shahrida tashkil etilgan ma’naviyat bayrami menda katta taassurot qoldirdi. - Avvalo, namanganliklarning mehmondo‘stligi, samimiyligi, qolaversa, viloyatning o‘ziga xos madaniyati menga judayam yoqdi. Shuningdek, kitobxonlik madaniyatini bir nechta innovatsion usullar yordamida o‘g‘il-qizlar ongi-shuuriga yetkazilishi haqiqiy tajriba bo‘ldi. Seminar biz uchun chinakam bilimlar manbaiga aylandi, - deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi axborot-resurs markazi direktori Zulfiya Seytiniyazova.
Tadbirda so‘z olgan respublika bolalar kutubxonasi direktori Doniyor O‘rolov ki­tobxonlik madaniyatini oshirishdagi Namangan tajribasi haqida iliq fikrlar bildirdi. Binobarin, Chust hamda Uychi tumanlari axborot-resurs markazlari tomonidan “Bibliografiya xizmatini individual shakllari” hamda “Kitob lotto” kabi mavzulardagi innovatsion taqdimotlar yuqori baholandi.

Isroil YUSUPOV