Maktabimizda aksiya

Kitob - sehrli olam. U bilan zerikmaysan, u bilan adashmaysan ham. Dunyodagi mo‘jizalar ichida eng bebaho va eng ulug‘i ham kitobdir. U kamolot pillapoyalari sari olib chiqadi, ham yuksak g‘alabalar bilan mukofotlaydi. Shunday ezgulikka undovchi xazina bilan qanday do‘stlashmaslik mumkin? Buni hatto tasavvur ham qilib bo‘lmaydi. Sevimli adibim Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Sariq devni minib” asarini o‘qiganimdan keyin mening ham Hoshimjonniki kabi sehrli qalpog‘im bo‘lishini, hamma narsaga oson erishishni juda-juda xohlaganman. Yaxshilab o‘ylab qarasam, kitob mutolaasi bilan ham barcha orzu-maqsadlarimni ro‘yobga chiqara olar ekanman. Shundan keyin kutubxona eng mo‘jaz maskan, kitoblar chin do‘stlarim bo‘lib qoldi. Endi ularsiz bir lahza ham bo‘sh vaqtimni o‘tkazmayman. Maktabimizda tashkil etilgan kitob aksiyasi quvonchimga yanada ko‘proq sabab bo‘ldi. “Farzandimga kitob sovg‘a qilaman” aksiyasi doirasida onajonim menga eng qiziqarli sarguzasht qissa va hikoyalar jamlangan sara asarlarni sovg‘a qildilar. Quvonarlisi shundaki, bunday sovg‘ani maskanimizdagi barcha o‘quvchilar oldilar. Tadbir natijasida maktabimizning kitob fondi 2116 ta yangi asarlar bilan boyidi.

Robiya HALIMJONOVA,
Uychi tumanidagi 33-umumta’lim maktabining 6-sinf o‘quvchisi