OQTOMning SHABNAMIMAN

Qishlog‘imiz baland toglar bag‘rida, shundoqqina olma bog‘lariga tutash, yoz-u qishda sharqirab oqadigan anhorlar etagida joylashgan. Ilk bahor oylarida iliq, mayin shabada bilan keladigan ajoyib tarovat biz oqtomliklarga o‘zgacha ruh beradi. Mo‘jazgina maktabimizda tahsil oladigan o‘g‘il-qizlarning barchasi bilimli, barchasi ahil-inoq. Beg‘ubor tuyg‘ularga yo‘g‘rilgan bolaligim ana shunday qadr­donlarim davrasida yanada jo‘shqin, yanada muvaffaqiyatlarga boy o‘tmoqda. Bu esa meni ijodga oshno etdi. Boshlang‘ich sinfda tahsil olayotgan kezlarimdayoq she’rlar mashq qila boshladim. Ustozlarim intilishimni payqab, menga yanada ko‘proq e’tibor bera boshlashdi. So‘zning chinakam sehriga oshno bo‘lib ko‘proq kitob mutolaa qili­shni odatga aylantirdim. Hozirga qadar qishlog‘imiz tarovati, Vatan, sinfdoshlarim, yuksak orzularim tarannum etilgan ijodiy mashqlarim “Oqtom shabnami” nomli ilk to‘plamimdan joy oldi. Bu to‘plam hayotimdagi katta imkoniyatlarga yo‘l ochib beruvchi kichik qadam bo‘lishiga ishonaman.

Durdona ABDUQAYUMOVA,
Yangiqo‘rgon tumanidagi 18-umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi