ZUKKOLIK - ZEBONING ZIYNATI

Yer yuzida millionlab bolajonlar istiqomat qiladilar va ularning har biri o‘ziga xos iste’dodga ega. Zukkolik ziynatlagan Zeboxon ham ana shunday iqtidor sohibalaridan biri. Maroqli yoz allaqachon nihoyalanib, qizg‘in o‘qish, bilim egallash davom etayotgan bir pallada ham qahramonimiz serzavq yozning tuhfalarini qabul qilishda davom etmoqda. Qanday, degan savol sizda paydo bo‘lgani, shubhasiz.
Gap shundaki, Uchqo‘rg‘on tumanidagi 5-umumta’lim maktabida tahsil olayotgan Zebo Abdushukorova “Bolajon” telekanali orqali e’lon qilingan “Maroqli yoz” insholar tanlovida o‘zining ijodiy ishi bilan ishtirok etgandi. Inshoda u o‘zi yashayotgan so‘lim qishloqning betakror tabiati, mevali bog‘lari va ilhombaxsh havosi haqida, qolaversa, ta’tilda nimalar bilan mashg‘ul bo‘layotganini ifodaladi. Tanlov davomida jami 7437 nafar o‘g‘il-qiz yuborgan insholar ko‘rib chiqilib, 12 nafar eng yaxshi insho mualliflari g‘olib deb topildi. Quvonarlisi, ana shu g‘oliblar safida Zeboxon ham bor. Bugun uning yutug‘i qadrdon maktabidagi ustozlari va tengdoshlarining ham bir olam quvonchiga sabab bo‘ldi.
Zeboxonning kelgusidagi yutuqlariga debocha bo‘lgan g‘alabasi bilan muborakbod etib, yuksak parvozlar tilaymiz.

O‘z muxbirimiz