TA’LIM va ISTIQBOL

Yurt kelajagi, mamlakat ravnaqini ko‘zlab, Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’lim sohasida beqiyos yangilanishlar, ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday yuksak e’tibor, beqiyos g‘amxo‘rlik va soha ravnaqi yo‘lidagi sa’y- harakatlar samarasida viloyatimiz xalq ta’limi tizimlari ham Yangi 2019-yilni munosib yutuqlar, zafarli odimlar bilan kutib olishmoqda.

FAKTLAR, RAQAMLAR,
DALILLAR:
Xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi ta’lim tashkilotlari soni hozirda 712 tani tashkil etadi. Viloyatimizda 685 ta umumta’lim maktabi, 13 ta “Barkamol avlod” bolalar markazlari, shuningdek, “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati faoliyat yuritmoqda.
Umumta’lim maktablarida 472414 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.

INVESTITSIYA IMKONIYATDIR
Viloyatimizda ta’lim sohasidagi qulaylik va imkoniyatlarni taraqqiyot asri talablariga muvofiqlashtirish yo‘lida 70 milliard so‘mlik ishlar bajarilib, Yangi yil bayrami arafasiga qadar 22 ta obyektdan 21 tasi foydalanishga topshirildi.
“Obod qishloq” dasturi ijrosi doirasida 22 ta qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlari hududidagi 23 ta umumta’lim maktabida byudjet mablag‘lari hisobidan 35 milliard so‘mlik bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

YANGI TEXNOLOGIYALAR TARAQQIYOT ASOSI
Yangi davr odimlariga xos yangilanishlar, yangi texnologiyalar, innovatsion yondashuvlar ta’lim-tarbiya jarayonlariga jadal tatbiq etilmoqda. Shuning natijasida “Tajriba-sinov”, “Tayanch maktab”, “Ochiq dars” yo‘nalishlaridagi saboq va mashg‘ulotlar keng qamrov kasb etib, 42 ta viloyat hamda 113 ta tumanlar miqyosida seminarlar tashkil etilib, 36 ta metodik tavsiya, 2262 ta dars ishlanmalari ta’lim jarayonlariga tatbiq etildi.

“YILNING ENG YAXSHI O‘QITUVCHISI - 2018”
O‘qituvchi - kelajak bog‘boni. ­ Uning bilim va salohiyati, tashabbus va intilishlari yosh avlodning yetuk kamoli mahsuli sifatida namoyon bo‘ladi. Shu maqsadda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida Mingbuloq tumanidagi 13-DIMI ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Gulbahor Isaqova 2-o‘rinni, Namangan shahridagi 58-DIUM ingliz tili o‘qituvchisi Doniyor Qodirov faxrli 3-o‘rinni egalladilar.
ISTE’DODLAR “BILIMLAR BELLASHUVI”DA
17 ta fan yo‘nalishida tashkil etib kelinayotgan “Bilimlar bellashuvi” barcha bosqichlarda viloyat bo‘yicha 20 ming 720 nafar o‘quvchini qamrab oldi.
Ular orasidan yakuniy respublika bosqichida viloyatimiz sharafini munosib himoya qilgan 29 nafar bilim va iqtidor egalari faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdilar.

INNOVATSION OLIMPIADA
Bugungi davr o‘z nomi bilan innovatsion texnologiyalar zamoni. Ta’lim sohasida ham innovatsion yondashuvlar yosh avlod kamoliga qanot bag‘ishlamoqda.
2018-yilning 10 – 16-aprel kunlari bo‘lib o‘tgan innovatsion olimpiadaning respublika bosqichida o‘quvchilarimiz matematika, tarix va kimyo fanlaridan muvaffaqiyatli qatnashib, xalq ta’limi vazirligining diplom va medallari bilan taqdirlandilar.

MA’NAVIYAT KOMILLIKKA QANOT
Yosh avlodning har jihatdan yetuk, intellektual salohiyatli, ma’naviy barkamol ulg‘ayishi yo‘lida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ko‘rik-tanlovlar, zukkolik bahsi va bellashuvlar keng qamrov kasb etmoqda.
Jumladan, mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 26 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan diktantlar, ijodiy bayonlar, insholar, tasviriy san’at asarlari yo‘nalishidagi ko‘rik-tanlovda jami 436 ming 520 nafar o‘quvchi faol ishtirok etdi.

O‘z muxbirimiz