YURTIMIZ TINCH - IQBOLIMIZ YORUG‘

Mamlakatimiz Qurolli Kuch­lari tashkil etilganining 27 yilligi hamda 14-yanvar - Vatan himoyachilari kunini munosib kutib olish maqsadida viloyatimizdagi umumta’lim maktablari hamda maktabdan tashqari muassasalarda ham “Vatanparvarlik oyligi” doirasidagi tadbirlar, musobaqalar, ko‘rik-tanlov va bellashuvlar yuksak ko‘tarinkilik bilan tashkil etilmoqda.
Shu munosabat bilan Namangan shahridagi 20-umumta’lim maktabida “Siz bilan faxrlanamiz, aziz Vatan himoyachilari” mavzusida davra suhbati tashkil etilgan bo‘lsa, Uychi tumanidagi ilm maskanlarining 10-, 11-sinflarida tahsil olayotgan bir guruh eng faol va a’lochi o‘quvchilar “Men shu aziz Vatan farzandiman” shiori ostida chegara postiga sayohat qildilar. “Sport sog‘lik garovi” mavzuida Norinda tashkil etilgan voleybol bo‘yicha tuman birinchiligi esa, o‘quvchilarni jismonan yanada tobladi.
Viloyatimizning barcha shahar va tumanlaridagi ilm maskanlarida shu kabi “Ajdodlar qahramonligi - yoshlarga ibrat”, “Vatan ozodligi - baxtim garovi”, “O‘zbekiston - mustaqil Vatanim, milliy armiyam - faxrim, g‘ururim!” “Biz Vatanga sodiqmiz” kabi shiorlar ostida vatanparvarlik tadbirlari tashkil etildi.
Yurtimiz tinchligi, porloq va nurli istiqbol tarannum etilgan panno va plakatlar, fotolavhalar, tasviriy san’at namunalari va bukletlar farzandlarimizni ona zaminni asrab-avaylash, ajdodlar jasorati va ularga munosib bo‘lishga undayotgan bo‘lsa, tobora keng qamrov kasb etayotgan tadbirlar, tanlov va bellashuvlar, sport musobaqalari yosh avlod qalbida milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga, ularni ona yurtga sodiq, mard va jasur o‘g‘lonlar sifatida kamol topishlariga xizmat qilmoqda.

Xoliqjon DADAJONOV,
VXTB uslubchisi