ZAFAR ODIMLARI

Har kim o‘zi intilgan, muntazam shug‘ullanayotgan sohalarda yuksak muvaffaqiyatlarga erishish uchun tinimsiz izlanish va intilishda bo‘ladi. Bu esa o‘g‘il-qizlarimizning yuksak muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishlariga qanot bo‘lmoqda.
Namangan shahridagi 78-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Qobiljon Hojiyev bir necha yillardan buyon sportning Muay-tay turi bilan shug‘ullanib keladi. Intiluvchan sportchi “Umid jang sport klubi”dagi ustozi Umidjon Nuriddinovdan ushbu jang sir-asrorlarini puxta o‘zlashtirmoqda. Qobiljon hozirgi kunga qadar muntazam to‘rt yil mobaynida 4 karra 2015 - 2018-yillarda O‘zbekiston chempioni, 2 karra Osiyo chempioni (2016 - 2017-yillarda), besh marotaba professional janglar qatnashchisi, 2 ta g‘oliblik kamari hamda 6 ta kubok sohibi bo‘ldi. Kelajakda Namangan Davlat Universiteti talabasi bo‘lishni o‘z oldiga maqsad qilgan sportchimiz kelgusi yilda bo‘lib o‘tadigan xalqaro tanlovlarga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Xuddi shu ta’lim maskanining 5-sinf o‘quvchisi Zarifa Nizamova esa suvga sakrash bo‘yicha O‘zbekiston kubogida muvaffaqiyatli ishtirok etib, faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Namangan tumanidagi 22-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Shohsanam Hasanboyeva 2018-yilni chin ma’noda ijodga, o‘qish va o‘rganishga bag‘ishladi. Joriy yilda uning “Ayol madhi” nomli ikkinchi she’riy kitobi o‘z mushtariylariga ega bo‘ldi. Qolaversa, iste’dod sohibasi yil davomida viloyatda o‘tkazilgan juda ko‘plab tanlovlarda faol ishtirok etdi. Yangi yilda “Zulfiyaxonim” qizlari safida bo‘lish yosh ijodkorning o‘z oldiga qo‘ygan ezgu maqsadidir.
Ana shunday shoira qizlardan yana biri Pop tumanidagi 11-DIMIning 9-sinf o‘quvchisi Asila Haydaraliyevadir. Teran fikr, o‘tkir zehn sohibasi Asila maskanda ham barcha fanlardan faqat a’lo baholarga o‘qiydi. Qolaversa, adabiyot va she’riyatga shaydolik uning nozik so‘z san’atiga kirib borishiga sabab bo‘ldi. Quvonarlisi yaqindagina uning “Mehr tafti” nomli ilk she’riy kitobi nashrdan chiqdi. Mazkur yutuq nafaqat Asilaga balki ta’lim dargohining barcha o‘g‘il-qizlari uchun ham yutuq bo‘ldi.
Yil davomida intilishlari samarasini ko‘rayotgan yoshlarimizning parvozlari bundan-da baland bo‘lishiga tilakdoshmiz.

Elyor ABDULVOHIDOV