Shodliklarga limmo-lim ayyom

Quvonchlar, shodliklar, zavqu shavqqa to‘liq onlar.
“Prezident archasi” tantanalarini aynan shunday ifodalash mumkin.
Yangi yilni orziqib, entikib, qalbida bir olam hayajon va surur bilan qarshi olmaydigan inson bo‘lmasa kerak. Bu ayyom, ayniqsa, bolajonlar uchun yanada quvonchli va unutilmas taassurotlarni tuhfa etishi bilan qadrli.
Ozod va obod diyorimiz ayyom shukuhiga to‘lgan lahzalarda butun yurtimiz bo‘ylab katta shodiyonalar bilan nishonlanayotgan “Prezident archasi” tantanalarida bu yanada yorqin ifodasini ko‘rsatmoqda.
Yangi yilni ulkan shodiyonalar, olam-olam quvonchga yo‘g‘rilgan bayram tadbirlariga hamohang “Prezident archasi” tantanalari bilan kutib olish ezgu an’anaga aylangani esa, buyuk kelajak sari shahdam odimlab borayotgan mamlakatimizda yosh avlodga ko‘rsatilayotgan beqiyos g‘amxo‘rliklar hamda yuksak e’tibor ni­shonasidir.
Viloyatimizda ham “Prezident archasi” tantanalari zo‘r ko‘tarinkilik bilan nishonlandi. Namangan viloyati musiqali drama teatriga viloyatimizning barcha shahar va tumanlaridan taklif etilgan o‘g‘il-qizlarga Prezident sovg‘alarini viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Xayrullo Bozarov tantanali tarzda topshirdi.
Guldiros qarsaklar ostida davlatimiz rahbarining sovg‘alarini qabul qilib olgan o‘g‘il-qizlarning nigohlari sevinchdan porladi. Sovg‘aga jamlangan bir-biridan tot­li shirinliklar, ajoyib o‘yinchoqlar, hammasidan-ham, Yurtboshimizning qutlovi ularning qalbiga olam-olam shodliklar olib kirib, shijoat-shavq, kelajakka yuksak ishonch va umid bag‘ishladi.
Tantana jo‘shqin kuy-qo‘shiqlar jozibador raqslar hamda betakror sahna ko‘ri­nishlari bilan davom etdi. Qorbobo va Qorqiz tashrifi, ertak qahramonlarining chiqishlari bolajonlarni mo‘jizalarga limmo-lim sarguzashtlar olamiga yetakladi.
Sarxil noz-ne’matlar bilan bezatilgan to‘kin dasturxon atrofidagi quvonchli lahzalar, betakror o‘yinlar, bayram tomoshalari bolajonlarga unutilmas taassurotlar tuhfa etdi.

Mardonbek ESONBOYEV