KELAJAKKA MUSTAHKAM QANOT

O`quvchi-yoshlarning bilim va iste’dodlarini yuksaltirish, ular orasidan iqtidorlilarni kashf etib, ulkan marralar sari ruhlantirishga qaratilgan fan olimpiadasining ikkinchi shahar va tumanlar bosqichlari yuksak uyushqoqlik va munosib tayyorgarlik bilan tashkil etildi.
Unda intellektual salohiyat bilan yuksak cho‘qqilarni zabt etishga qat’iy ahd qilgan 24173 nafar 9-, 10- va 11-sinf o‘quvchilari bellashdilar. 9-sinf o‘quvchilari­ning bilimlari 18 fan yo‘nalishi bo‘yicha, 10-, 11-sinf o‘quvchilari iqtidori esa 17 ta fan yo‘nalishi bo‘yicha sinovdan o‘tkazildi. Test sinovlari, yozma va amaliy ishlarni muvaffaqiyatli bajarib, munosiblar ichida eng munosib deb topilgan g‘olib o‘quvchilar fan olimpiada­sining viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdilar.
Fan olimpiadasi bilimlar sinovi, iste’dod va tafakkur bahsi sifatida o‘g‘il-qizlarimizni kelgusi maqsadlar sari dadil parvoziga mustahkam qanot bag‘ishlaydi. Buni his etgan holda navbatdagi bosqichga yanada jiddiy tayyorgarlikka kirishgan iqtidor sohibla­riga galdagi sinovlarda ham omad va zafarlar yor bo‘lishini tilaymiz.

Maftuna REJABBOYEVA