Farhod XUDAYBERDIYEV: BOLALIK ZAVQLI va BEG‘UBOR OLAM

Bu galgi mehmonimiz ham barcha yoshdagi tomoshabinlarga, ayniqsa, bolalarga ko‘plab qiziqarli va ajoyib rollari orqali juda yaxshi tanish. Xususan, aktyorning mashhur yozuvchi Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Sariq devni minib” asari asosida ishlangan barchamiz sevib tomosha qiladigan kinofilmdagi ijrosi katta taassurotlar qoldirgan.
- Ijodkorlarning bolaligi qanday o‘tgani haqida bilish o‘g‘il-qizlarimiz uchun qiziqarli. Shuning uchun, avvalo, biroz bolalik davringizga qaytsak.
- Aslida ham bolalik kezlarim juda qiziq o‘tgan. Tog‘lar qurshovidagi ajoyib tarovat og‘ushidagi qishloqda katta bo‘lganman. Tabiat quchog‘idagi bunday betakror joylarda o‘yinlar ham o‘ziga xos bo‘ladi. Masalan, yong‘oq o‘yin. Qo‘limizda ikkita-ikkitadan yong‘oq bo‘lib, merganlik, ya’ni nishonni aniq olishni taqozo etadigan bu o‘yinda nishonda turgan yong‘oqni aniq mo‘ljalga olishingiz kerak bo‘lardi. Shu­naqa qiziqarli va ajoyib xalq o‘yinlaridan zavqu shavq olib kamol topganmiz.
- Tomoshabinlar Sizni, asosan, bolalar uchun ishlangan filmlarda ijro etgan ajoyib rollaringiz orqali yaxshi bilishadi. Ajoyib obraz­lar bilan bolalar qalbiga yo‘l topish nimalarga bog‘liq, deb o‘ylaysiz? Bu oson bo‘lmasa ke­rak?
- To‘g‘ri ta’kidladingiz, bolalar eng sinchkov tomoshabin sanaladi. Shunga munosib bo‘lish uchun ularning betakror va beg‘ubor olamini xuddi ular kabi tasavvur qilishing va talqin eti­shing kerak. Shu jihatdan bolalarga manzur obraz­lar yaratish katta mashaqqat va zahmat talab qilsa-da, bolalar filmlaridagi ijrolarimdan yayrayman, zavq olaman. Bunday ijrola­rim ko‘pdan-ko‘p. Aniqroq aytadigan bo‘lsam, sevim­li adibimiz Xudoyberdi To‘xtaboyevning barchaga ma’lum va mashhur bo‘lgan “Sariq devni minib” asari asosida rejissyor Sarvar Karimov ishlagan “Sehrli qalpoqcha” filmida ham rol ijro etganman. Yana qanchadan-qancha ijtimoiy roliklar, lavhalar, asarlardagi obrazlar talqini orqali ular bilan doimo hamnafasman. Yaqinda “Bolajon” telekanali uchun o‘quvchilar hayotini aks ettirgan “Insho” nomli badiiy film ham yaratdim. Umuman, ijodim, san’atim umrim mazmuniga aylanganidek, hayotimni bolalardan ayro tasavvur etolmayman. Ular bilan ishlash juda qizi­qarli bo‘lib, qanchalar zavqu shavq bag‘ishlashini bilsangiz edi. Jajji qalblardagi beg‘uborlik butun shuuringga ko‘chib, betakror olamga oshno etadi.
- Ana shu betakror olam sohiblariga tilak va istaklaringiz...
- Umrimiz mazmuni, quvonchu shodliklari­miz asosi bo‘lgan o‘g‘il-qizlarimizga ezgu tilaklarim bir olam. Ularga istagim, ham iltimosim, bu davrning har onini bebaho bilib, o‘z kelajaklarini munosib yaratishga intilsinlar. Buning uchun ko‘p kitob o‘qishsin, adabiyotga oshno tutinishsin. Zero, hamma narsaga yuksak tafakkur bilan erishiladi. Ana shunda qaysi kasb egasi bo‘lmasin bilimi, dunyoqarashi oshadi. Bolalik kezlarimizda opa-akalarimizga qiziqib, ulardan ibrat olib, o‘qishga intilardik. Mana, hali-hamon jahon adabiyoti, o‘zbek ada­biyotining nodir asarlarini mutolaa qilish sevimli mashg‘ulotim. Mening ijodkor, ya’ni aktyor bo‘lishimda ham kitobning roli beqiyos. Sportni ham doimiy hamrohga aylantirishsin, sog‘lom bo‘lishadi. Umuman, komillik kelajakni bugundan yaratishda ekanligini yoddan chiqarishmasin. Eng muhimi esa, ana shu nurli kelajak sari yetaklab boradigan ustozlarni hurmat qiling, o‘zingiz ham e’zozga sazovor bo‘lib yurasiz, aziz bolajonlar.

Isroil YUSUPOV suhbatlashdi