Quvnoq musobaqa chorlaydi

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi va “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati Namangan viloyat mintaqaviy bo‘limi tomonidan viloyati­mizning barcha hududlarida o‘quvchi yoshlar hamda aholi o‘rtasida “Yoshlik jismoniy tarbiya sport jamiyati - g‘alabalar poydevori” shiori ostida sport festivallari, turli musobaqalar tashkil etildi. O‘quv­chilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga yo‘naltirilgan mazkur tadbirlar barchani sportni oshno tutib, sog‘lom turmush tarzi tamoillariga amal qilib ­yashashga undadi. ­
Namangan shahar va barcha tumanlardagi umumta’lim maktablarida o‘quv­chilarni sport seksiyalariga qamrab olish, ular ongida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsadlariga qaratilgan festivallarda 28 mingga yaqin o‘g‘il-qizlar ishtirok etdilar. Yakka kurash turlari, shaxmat, badiiy gimnastika yo‘nalishlarida o‘z iqtidorini namoyon etgan sportsevarlar o‘rtasida g‘oliblar aniqlandi. O‘quvchilarni rag‘batlantirib borish uchun viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari, O‘zbekiston “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati Markaziy Kengashi tomonidan Namangan viloyati uchun jami 54 mln. so‘mlik sport jihozlari taqdim qilindi. Bunday e’tibordan ruhlangan o‘quvchilar “tengdosh - tengdoshga” tamoyili asosida barcha do‘stlarini ham faol mashg‘ulotlarga chorladilar.

Shavkatjon AHMEDOV,
“Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati Namangan viloyati
mintaqaviy bo‘limi raisi o‘rinbosari