“MEN SHU AZIZ VATAN FARZANDIMAN!”

Ma’naviyat barcha muvaffaqiyatlarning asosidir.
Shuning uchun ham butun yurtimizda bo‘lganidek, viloyatimizda ham kelajagimiz egalarini har jihatdan yetuk, ma’naviy barkamol, jismonan sog‘lom, intellektual salohiyatli, ilm-ma’rifat egalari sifatida ulg‘aytirishga yuksak e’tibor qaratilmoqda.
Umumta’lim maktablarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida “Men shu aziz Vatan farzandiman!” shiori ostida turkum ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” doirasidagi chora-tadbirlar aynan shu maqsadga qaratilgan.
Viloyatimiz hokimi tomonidan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” viloyat hokimligi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazining viloyat bo‘limi, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, O‘zbeksiton Yoshlar ittifoqining viloyat Kengashi mazkur sohalarning shahar va tumanlardagi tizimlari hamda keng jamoatchilik tomonidan hamkorlikda amalga oshi­riladi.
O‘tgan yilning oktyabr - dekabr oylarida “Yo‘l xaritasi” doirasidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar keng quloch yozgan edi.
Shu yilning yanvaridan uning ikkinchi bosqichiga kirishildi. Shu munosabat bilan ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini samarali va mazmunli tashkil etish, ularni sport mashg‘ulotlari va fan to‘garaklariga jalb etgan holda barkamol ulg‘aytirishga qaratilgan tadbirlar muvaffaqiyatli tashkil etilgan Uychi tumanidagi 11-umumta’lim maktabida viloyat miqyosida o‘quv-amaliy, nazariy anjuman tashkil etildi.
Tadbirda hokimlik vakillari, shahar va tumanlar xalq ta’limi bo‘limlari mudirlari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha sho‘ba rahbarlari, ota-onalar va o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi. Jarayonda “Yo‘l xaritasi”da belgilangan barcha tadbirlar: umumta’lim fanlarini mukammal o‘rganishlariga erishish maqsadida o‘tkaziladigan diktantlar, bayonlar, insholar tanlovlari, sport musobaqalari, bellashuvlar, darsdan tashqari mashg‘ulotlarni samarali yo‘lga qo‘yilgan Uychi tumanidagi 11-umumta’lim maktabi misolida namunaviy metodik usullar ko‘rsatib berildi.
“Men shu aziz Vatan farzandiman!” shiori ostidagi turkum ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar may oyiga qadar viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida davom etadi. Farzandlarimiz qalbida, ongu shuurida ona diyorimizga bo‘lgan mehr-muhabbat, uni sevib-ardoq­lash tuyg‘ularini yanada yuksaltirishga qaratilgan tadbirlar doirasida viloyatning eng ko‘xna va qadimiy, diqqatga sazovor joylariga, tarixiy va ma’naviy-ma’rifiy maskanlarga sayohat-ekskursiyalar uyushtirish ham ko‘zda tutilgan.

Mardonbek ESONBOYEV