KELAJAKKA MUNOSIB KASB-KOR BILAN

Chust tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar markazida tumandagi o‘quv ishlab chiqarish majmualarida kelajagimiz egalari kasb-hunar va turli yo‘nalishlarni qay darajada o‘zlashtirayotganliklariga bag‘ishlangan viloyat seminari tashkil etildi. Tumanda 9 ta o‘quv ishlab chiqarish majmuasi bo‘lib, ularga 5601 nafardan ziyod 10-11-sinf o‘quvchilari qamrab olin­gan. Seminarda mazkur majmualarda 14 ta yo‘nalish bo‘yicha kasb-hunar egallab, bilim olayotgan 2062 nafar 11-sinf o‘quvchilari malaka va mahoratlarini namoyish etdilar.
O‘quvchilar tayyorlagan mahsulotlar, ularning qo‘l mehnati namunalari, kompyuter texnologiyalari, chilangarlik, av­tomobillarga texnik xiz­mat ko‘rsatish kabi ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha bilimlari “Egallagan kasbim - jamiyatdagi o‘rnim” mavzuidagi seminarga viloyatning barcha shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan xalq ta’limi bo‘limlarining o‘quv ishlab chiqarish majmualari faoliyatini tashkil etish va metodik ta’minlash bo‘yicha sho‘‘ba rahbarlari, ustoz-muallimlar, murabbiylar, ota-onalarning havas va hayratini oshirdi.
- Ikki yildirki, Chust pedagogika va servis kasb-hunar kollejida tashkil etilgan 5-sonli o‘quv ishlab chiqarish majmuasida ustozlari­mizdan qandolatchilik sir-asrorlarini o‘rganyapmiz, - deydi tumandagi 15-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Shirin Homidjonova. - Tengdoshlarimiz bilan birgalikda ustozlarimiz ko‘magida biz tayyorlagan yigirmadan ziyod qandolatchilik mahsulotlari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Bu bizni mazkur yo‘nalishda yanada malaka va mahoratimizni oshirishga ruhlantiradi.
Tumandagi o‘quv ishlab chiqarish maj­mualari faoliyati misolida amaliy ishlar yaqindan o‘rganilib, ilg‘or tajribalar o‘rtoqlashildi.
O‘quvchilar pazandachilik, chilangarlik, santexnika bo‘yicha ko‘rgazmalar, kompyuter-operatori, milliy oshpazlik, hisobchilik bo‘yicha test sinovlari, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish yo‘nalishi bo‘yicha videorolik, tikuvchilik, sartaroshlik, naqqoshlik bo‘yicha podiumda iste’dod, malaka va mahoratlarini namoyish etib, o‘zlari sevgan, o‘zlari tanlagan sohada qay darajada ko‘nikmaga ega bo‘layotganliklarini ko‘rsatdilar.

Zaynobiddin KIYIKOV,
VXTBda o‘quv ishlab chiqarish majmualari faoliyatini tashkil etish va metodik xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i