Ilg‘or tajribalar xorijliklar nigohida

Taraqqiyot yo‘lidagi odimlarga hamohang yurtimizdagi ilm maskanlarida ilg‘or va an’anaviy usullarni qo‘llagan holda yosh avlodni har jihatdan yetuk kamol toptirish borasida ezgu sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda jahonning yuksak darajada rivojlangan mamlakatlari bilan mustahkam hamkorlik, tajriba almashuv ham namunaviy yo‘lga qo‘yilgan.
To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 23-umumta’lim maktabiga tashrif buyurib, amaliy jarayonlar bilan yaqindan tanishgan rossiyalik mehmonlar, “Rus gumanitar missiyasi” vakillari ham buning bevosita guvohi bo‘ldilar.
Saboqlarning ilg‘or va zamonaviy, noan’anaviy usullar bilan tashkil etilishi, kreativ yonda­shuvlar hamda o‘quvchilarning dars jarayonidagi ishtiroki mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Rossiyalik mutaxassislar o‘quvchilarning ilmu-iqtidori va intilishlariga yuksak baho berdilar. “Rus gumanitar missiyasi” bosh direktori Aleksey Polkovnikov rahbarligida delegatsiya vakillari, shuningdek “Sharq ayoli” xalqaro jamoat fondi raisi Saodat Tursunboyevaga o‘quvchilarning nafaqat o‘z ona tilimizdagi, balki rus tilidagi chiqishlari, darslar­dagi ishtiroki, sahna ko‘rinishlari, ular ijro etgan kuy-qo‘shiq va raqslar manzur bo‘ldi.
Maktab kutubxonasiga, eng iqtidorli va qobiliyatli o‘quvchilarga mehmonlar tomonidan uch yuzdan ziyod jahon adabiyotining eng durdona asarlari tuhfa etildi.
O‘z navbatida, rossiyalik mehmonlarga o‘zbekona an’analar ifodasi sifatida sovg‘alar, viloya­timizning betakror va maftunkor go‘shalari aks etgan fotoalbomlar taqdim etildi.

Maftuna REJABBOYEVA