O‘YINCHOQLARIM BILAN DUNYO KEZAMAN

Dunyoga mashhur o‘yinchoq ishlab chiqaradigan firmalar haqida o‘qisam, eshitsam xayolimga doim bir fikr keladi. Shu ishni men uddalay olmaymanmi? Albatta, uddalayman. Axir bu qo‘limdan keladi. 2-sinfligimdan buyon ilm maskanimizda tashkil etilgan “Yosh texniklar” to‘garagining eng faol a’zolaridanman. Elektron o‘yinchoqlar yasash, ayniqsa, ularni yasab bo‘lganingdan keyin maxsus boshqaruv qurilmasi orqali yurishini nazorat qilib turish bir olam zavq beradi. Ustozim Abdulbori Qahhorov bilan bir necha tanlovlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldik. Xususan, 2018-yilda “Sen iste’dodlisan”, “Mening innovatsion g‘oyam”, “Youth techno Art” kabi viloyat tanlovlarida mutlaq g‘olib bo‘lishga erishdim. 2019-yilning aprel oyida esa “Youth techno Art” xalqaro tanlovida ishtirok etish uchun qizg‘in tayyorgarlik ko‘ryapman. Bu xalqaro tanlov bundan-da katta muvaffaqiyatlarimga debocha bo‘lishiga ishonaman. Kelajakda esa yurtimizning eng katta o‘yinchoq fabrikasi aynan Namangan nomi bilan mashhur bo‘lishini maqsad qilganman.

Tursunali ABDULBORIYEV,
Namangan shahridagi 79-umumta’lim maktabining 4-sinf o‘quvchisi