OILA - MAHALLA - MAKTAB KONSEPSIYASI

Kosonsoy tumanidagi 20-umumta’lim maktabida “Oila-mahalla-maktab” hamkorligi samarali yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, muassasada tahsil olayotgan o‘g‘il-qizlar bugun har jihatdan komil insonlar bo‘lib ulg‘aymoqdalar. Xususan, kuni kecha ta’lim maskanida “Oila-mahalla-maktab” hamkorligini rivojlantirish hamda ustoz-shogird an’anasi” mavzuida o‘tkazilgan viloyat seminari ham o‘quv­chilarning bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish, shuningdek, ularga kasb-hunar sirlarini hozirdanoq puxta o‘zlashtirishlarida o‘ziga xos ahamiyat kasb etdi. Maskanda chilangarlik, duradgorlik, pazandachilik hamda chevarchilik kabi to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 80 nomdagi jami 164.4 million so‘mlik jihozlar bilan ta’minlangan.
Mazkur seminarda viloyat hokimi Xayrullo Bozarov tomonidan sektor rahbarlari, xalq ta’limi bo‘limi mudirlari hamda maktab direktorlariga namuna sifatida to‘garak xonalari, oshxonalar tashkil etish hamda byudjetdan tashqari mablag‘ topish uchun xizmatlarni yo‘lga qo‘yish vazifalari belgilab berildi.

O‘z muxbirimiz