MEHRIM SIZGA QADRDONLARIM

Shoir qalbi qanchalar nozik, qanchalar nafosatga osho ekanini anglagan kezlarim adabiyot, she’riyat qalbimda mittigina urug’ sochdi. Shundan keyin kitoblar bilan samimiy do’stlik o’rnatdim. O’zbek va jahon adabiyotining eng sara asarlarini mutolaa qilish barobarida qahramonlarim bilan birga yashadim, sirlashdim. Ba’zan quvonch­laridan shodlandim, ba’zan qayg’ularidan ko’zim namlandi. Shundagina qalbim kechinmalarini qog’ozga tushira boshladim. Esimda ilk bor yon qo’shnimiz haqida to’rtlik yozganim. O’qib berganimda ota-onam judayam xursand bo’lishgandi. Balki ularning rag’batlari meni bu olamga yanada yaqinroq kirib kelishimga turtki bo’lgandir. Endilikda kunlarimni she’rsiz, uning taftisiz, sehrli so’zlarni bir-biriga zanjirlash sehrisiz tasavvur eta olmayman. Har qadamim ilhomga yo’g’rilgan. Ko’nglimning kechinmalarini, oilam va yaqinlarimga ataganlarimni, ustozlarim va maktabimiz hayotini, do’stlarim diydorini qo’yingki, hayotimning har bir go’zal soniyalarini tarannum etgan she’rlarimni jamlab “Mehrim sizga” deb nomlangan ilk she’riy to’plamimga jamladik. Ijodimning ilk jamlanmasi o’z muxlislarini topishiga tilakdoshman.


Sayyora XOLMURODOVA,
Namangan tumanidagi 27-umumta’lim maktabining 11-sinf o’quvchisi