MA’NAVIYATIMIZ SARCHASHMALARI

G`azal mulkining sultoni Alisher Navoiy hamda shoh va shoir, buyuk sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud sanalari viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga qarashli barcha muassasalarda keng nishonlandi.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan ishlab chiqilgan tadbirlar rejasiga asosan barcha ta’lim muassasalarida “Alisher Navoiy - shoirlarning sultoni”, “Bobur - shoh va shoir”, ulug‘ bobokalonlarimiz asarlaridagi g‘oyalarning bugungi kundagi ahamiyati, mutafakkirlar asarlari bilimdoni kabi mavzularda tadbirlar, seminarlar, ochiq darslar, ijodiy va badiiy kechalar o‘tkazildi.
EL NETIB TOPGAY MENIKIM...
Namangan shahridagi 31-umumta’lim maktabida tashkil etilgan navoiyxonlik kechasida o‘quvchi-yoshlar nafaqat buyuk mutafakkir bobomizning hayoti va ijodi borasidagi bilimlarini, balki o‘z davrida ilm-fan, adabiyot va san’at homiysi, rahnamosi sifatida el-yurt rivojiga, madaniyat ravnaqiga qanchalar hissa qo‘shganligi borasidagi tasavvurlarini ham badiiy chiqishlar, sahna ko‘rinishlari asosida namoyish etdilar.
Iqtidorli o‘quvchilar mahorat bilan ifodali tarzda o‘qigan mutafakkir g‘azal va ruboiylaridan namunalar, shoir asarlari asosida ijro etilgan qo‘shiqlar, “Guli va Navoiy” monologi barchaga manzur bo‘ldi.
BUYUK SHOIR, ULUG‘ SARKARDA
Ilm maskanimizda Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud sanasi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda buyuk ajdodimiz hayoti va ijodi tarannum etildi.
Ustoz-muallimlar ko‘magida o‘quvchilarimiz tayyorlagan sahna ko‘rinishlari, badiiy chiqishlarda Zahiriddin Muhammad Boburning shoh, shoir va sarkarda sifatida jahon tarixida tutgan o‘rni, asarlarining beqiyos ahamiyati aks etdi.
Dars jarayonlarida, diktant, insho va bayon kabi ijodiy ishlarda esa o‘g‘il-qizlarimiz Bobur ijodi haqidagi bilimlarini, “Boburnoma” memuar asari, sarkardalik faoliyatiga murojaat etish barobarida, g‘azallaridan olgan taassurotlarini ifodaladilar.

Maftuna AKPAROVA,
Kosonsoy tumanidagi 42-umumta’lim maktabi­ning ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi