KIMYO - G‘AROYIB REAKSIYALAR OLAMI

Kimyo faniga barcha o‘quvchilar xuddi biz kabi juda qiziqishsa kerak. Chunki ustozimiz Mamlakat Sodiqova bu fanni bizlarga shunday o‘tadilarki, tajribalar olamida his qilamiz o‘zimizni. Ayniqsa, turfa rangli kislotalarni bir-biriga qorishtirib, aralashtirib bajargan reaksiyalarimiz juda maroqlida. Shundan bo‘lsa kerak, bu fanda barchamiz a’lo baho olishga intilamiz. Har gal ana shunday qiziqarli mashg‘ulotlardan keyin ustozimizning mamnun chehralariga uzoq qarab qolaman.
Yaqindagina maktabimizda 7-sinflar o‘rtasida “Kimyogar olimlar” shiori ostida katta tanlov tashkil etdik. Unda kuch sinashgan “Yosh Mendeleyev” hamda “Yosh kimyogar” jamoalari 5 ta shartni maromiga yetkazib bajardilar. Tanishtiruv, tezkor savol-javob, elementlar tasnifi, devoriy gazeta ko‘rgazmasi, erkin mavzu kabi bir-biridan qiziqarli shartlar ishtirokchilar uchun nafaqat yangi bilimlar manbai bo‘ldi, qolaversa, o‘zaro do‘stlik munosabatlarini uyg‘unlashtirdi. Shartlarda chuqur bilimlarini namoyish etgan “Yosh Mendeleyev” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Omina SOLIXONOVA,
Namangan shahridagi 26-umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi