ISTIQBOL ILM MASKANLARI

Eng katta investitsiya ta’limga, kelajakka kiritilgan investitsiyadir, degan ezgu da’vatga hamohang mamlakatimizda yosh avlod hayoti va ularning har jihatdan yetuk kamoliga yuksak e’tibor qaratilmoqda. Ta’lim sohasidagi islohotlar, yangilanishlar yangi davr odimlariga xos keng qamrov va shiddatkorlik kasb etayotgani ham fikrimiz tasdig‘i bo‘la oladi.
Yangi davr odimlariga hamohang tarzda shu yilning 20-fevral kuni Yurtboshimizning “Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Prezident maktablari ta’lim jarayoniga ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash orqali iqtidorli yoshlarni tarbiyalash va o‘qitish, rag‘batlantirish hamda kelgusida ularning salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish, yetakchilik ko‘nikmalari va notiqlik mahoratini rivojlantirish, tanqidiy fikrlash, axborotni izlash, tahlil qilish va qayta ishlash, olingan bilimlarni amaliyotda qo‘llash kabi ko‘nikmalarni shakllantirish borasida izchil va keng qamrovli faoliyat olib boradi.
Prezident maktablari Qoraqalpog‘iston Respublikasida, shuningdek, yurtimizning barcha viloyatlarida hamda Toshkent shahrida ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasa­lari shaklida tashkil etiladi. Amaldagi yildayoq bir vaqtning o‘zida Toshkent va Nukus shaharlarida hamda Xorazm viloyatida dastlabki ilm maskanlari qurilishiga kirishiladi. O‘z navbatida, 2020-yilda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida, shuningdek, 2021-yilda Andijon, Navoiy, Namangan, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida Prezident maktablarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Ushbu maktablarga qabul qilish respublika ta’lim muassasalarining 4-sinf bitiruvchilari orasida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda o‘tkaziladigan mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbatlar natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.
Prezident maktabining yillik qabul kvotasi 24 nafar o‘quvchidan iborat bo‘lib, ikkita sinfga bir xil - 12 nafardan o‘quvchi taqsimlanadi. Birinchi o‘quv yilida esa 5-10-sinflariga har bir maktab 144 nafardan o‘quvchini o‘qishga qabul qiladi.
O‘quv jarayoni esa xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha ingliz tilida amalga oshiriladi va “STEAM - ta’lim” (Science - tabiiy fanlar, Technology - texnologiya, Engineering - texnik ijodkorlik, Art - san’at, Mathematics - matematika) dasturi asosida olib boriladi.
Prezident maktabining 9-11-sinf­larida ta’lim olish o‘quvchilarning qiziqishlari va xususiyatlarini, ayrim fanni tanlash va ularni o‘rganish darajasini inobatga olgan holda individual o‘quv jarayoni asosida amalga oshiriladi.
Prezident maktablari bitiruvchilariga, belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels)ga ega bo‘ladilar, bu esa o‘z navbatida xorijiy oliy o‘quv yurtlariga kirish imkonini beradi.
Prezident maktablarining tashkil etilishi kelajakka qaratilayotgan yuksak e’tibor va ularning porloq istiqboli yo‘lida ko‘rsatilayotgan beqiyos g‘amxo‘rliklarning yorqin namunasidir.

Mardonbek ESONBOYEV