SOG`LOM AVLOD - BARKAMOL KELAJAK

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan Namangan tumanidagi ta’lim muassasalarida o‘quvchilar uchun yaratilgan qulaylik va imkoniyatlarni yaqindan o‘rganish, sohaga byudjetdan tashqari mablag‘larni jalb etish yo‘lida amalga oshirilayotgan tashabbuslar, kelajagimiz egalarining sog‘lom va barkamol ulg‘ayishi uchun o‘quvchi-yoshlarning sog‘lom ovqatlanishiga, sanitariya-gigiyena talablariga muvofiq shart-sharoitlarni yaratish masalalariga bag‘ishlangan viloyat seminari tashkil etildi.
“Ta’lim muassasalarining oshxona va bufetlarida o‘quvchilarning sog‘lom ovqatlanishini tashkil etish” mavzuidagi seminar jarayonida viloyatning barcha shahar va tumanlari xalq ta’limi bo‘limlari mudirlari, ustoz-muallimlar va ilm maskanlari rahbarlari Namangan tumanidagi 1-, 26-, 18-, 30-, 3-hamda 8-umumta’lim maktablarida amalga oshirilayotgan ishlar, ilg‘or tajribalar va ularning natijalari bilan yaqindan tanishdilar.
Bu borada taraqqiyot asri talablari va shiddatkor davr odimlariga xos tarzda byudjetdan tashqari mablag‘lar topish borasidagi tashabbuslar, ilm maskanlari faoliyatini namunali tashkil etishda homiylar ko‘magidan oqilona foydalanish muhim omil bo‘lmoqda.
Maktablarning barchasida namunali oshxonalar faoliyatiga uyg‘un ravishda aksariyat ilm maskanlarida bog‘, issiqxona tashkil etilgan bo‘lsa, ayrimlarida sport maydoni, tikuvchilik, duradgorlik, pazandachilik faoliyati yo‘lga qo‘yilib, zamonaviy tikuv mashinalari, duradgorlik, chilangarlik, pazandachilik jihozlari hamda eng so‘nggi rusumdagi vositalar olib kelingan.
Mazkur tashabbuslar uchun byudjetdan tashqari 156 million so‘m mablag‘ jalb etilgan.
1-umumta’lim maktabidagi issiqxona faoliyati, oshxonadagi qulaylik, xojatxonaning sanitariya talablariga mos darajada toza va ozodaligi, 26-umumta’lim maktabidagi homiylar ko‘magida ta’mirlanib, zamonaviy qiyofaga keltirilgan oshxonadagi shart-sharoitlar, 18-umumta’lim maktabi jamoasining 0,5 gektar bog‘dan olayotgan daromadi har qanday kishining havasini keltiradi. 30-umumta’lim maktabida sport-sog‘lomlashtirish ishlari keng quloch yozgan. Homiylar ko‘magida bunyod etilgan sun’iy qoplamali o‘yingoh va issiqxona faoliyati, 3-maktabda 9 ta tikuv mashi­nasi, chilangarlik, duradgorlik, pazandachilik bo‘yicha keltirilgan 58 million so‘mlik zamonaviy vositalar asosida o‘quvchilar kasbiy texnologiya fanini mukammal egallab, mahoratli ustozlar ko‘magida hunar sir-asororlarini o‘rganishmoqda. “Sho‘rqo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 8-umumta’lim maktabi esa “Obod qishloq” dasturi doirasida 3 mlrd. 662 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash va kapital rekonstruksiya ishlari natijasida chinakamiga obod qishloqning obod ilm maskaniga aylangan. Ushbu sa’y-harakatlar barcha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
- Namangan tumanidagi ilm maskanlarida ta’lim-tarbiya jarayonlari bilan birga o‘quvchilarning darsdan tashqari bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning foydali va maroqli, kelajak hayotlarida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan fan va kasb-hunar to‘garaklariga qamrab olingani, zamonaviy, shinam va ko‘rkam oshxonalarda ularning sog‘lom ovqatlanishiga alohida e’tibor qaratilayotgani taxsinga sazovor, - deydi - Uchqo‘rg‘on tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Boburjon Zayniyev. - Ilm dargohlarining ahil jamoasi sa’y-harakatlari bilan tashkil etilgan issiq­xonalar yaxshigina daromad keltirish bilan birga yetishtirilayotgan rezavorlar, mahsulotlar taomlarga yanada maza kiritib o‘quvchilarga manzur bo‘layotgani bizda katta taassurot qoldirdi. Xayrli tashabbuslar, boy tajribalar keng ommalashtirishga loyiq ekanligi bilan e’tiborga sazovor.
Viloyatning barcha shahar va tumanlardan kelgan ustoz-muallimlar, xalq ta’limi sohasi vakillaridan iborat seminar ishtirokchilari ilg‘or tajribalarni o‘rganish barobarida fikr-mulohazalar almashdilar, bu yerdagi e’tirofli jihatlarni o‘zlarida qo‘llash borasida boy tajribaga ega bo‘ldilar.

Isroil YUSUPOV