SHALPANGQULOQ DO‘STLARIM

Bolalik inson hayotidagi eng beg‘ubor va ayni damda barcha sohalarga qiziqish uyg‘otadigan davr. Yanglishmasam, 2-sinfda o‘qiyotgan kezlarim fazoviy jismlarga qiziqardim. Keyin sportga, yana hayvonlarni parvarishlashga alohida ishtiyoq paydo bo‘ldi. Keyin uyda kichkinagina uycha yasab, unda 2 dona quyon boqa boshladim. Hovlimizning bir chetida alohida joy ajratib, beda, sabzi yetishtirib quyonlarim uchun yemish sifatida foydalanaman. Hozirga kelib ular 30 tadan oshdi. Barchasi bir hil - oppoq rangda. Dars mashg‘ulotlaridan bo‘shashim bilan ularga g‘amxo‘rlik qilaman. Yaqinda avvalgidan kattaroq qilib in ham yasab berdim.
Maktabda deyarli barcha fanlarni faqat a’loga o‘zlashtiryapman. Qolaversa, sportdagi yutuqlarim ham kundan-kunga ortib bormoqda. Tumanimizdagi boks to‘garagi men kabi 50 dan ortiq yoshlarni sog‘lom va baquvvat kamol topishimizda o‘ziga xos ahamiyat kasb etmoqda. Bundan tashqari, ingliz hamda rus tillarini puxta o‘rganish uchun maxsus darslarga ham qatnayapman. Kelajakda quyonchilik borasida chet el mamlakatlari bilan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchiman.

Elyor ABDUMALIKOV,
Chust tumanidagi 53-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi